Breaking News

Afg'onistonda toliblar yana kuchga to'lmoqda


AQSh va koalitsiya qo'shinlarining sa'y-harakatiga qaramasdan, Afg'onistonda Tolibon kuchga to'lmoqda. Bu xulosa AQSh Mudofaa vazirligining mamlakatdagi ahvol yuzasidan hisobotida aks etgan.

Unda yozilishicha, toliblar Afg'oniston sharqi va janubidagi makonlarini boy bermayapti va hatto boshqa hududlarni ham qo'lga kiritishga urinyapti.

AQSh harbiylari nazarida Tolibon Pokistonda erkin harakat qilayotgani va chegara osha hujumlar uyushtirayotgani bois, Afg'onistonda xavfsizlikni mustahkamlash og'ir vazifa.

Ma'lumki Pokistonning yangi hukumati Tolibonga xayrihoh mahalliy qabilalar bilan tinchlik bitimlari imzolamoqda. Chunki shu paytgacha harbiy strategiya ish bergani yo'q, deydi hukumat vakillari. Bush ma'muriyati nazarida esa bunday bitimlar Afg'onistondagi ahvolni og'irlashtiryapti.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts "bu yili Afg'onistonda xurujlar ko'lami 40 foizga oshgan", - deydi. Bu aynan afg'on-Pokiston chegarasida nazorat sustligi va qo'shin kamligi bilan izohlanmoqda.

Pentagon chiqargan hisobot afg'on armiyasini tayyorlash ishlariga ijobiy baho beradi. Ammo politsiyachilarni tayyorgarlikdan o'tkazish dasturi murabbiylarga muhtoj. Shuningdek, korrupsiya va yulg'ichlik qoradoridan qutulishga yo'l bermayapti.

Afg'oniston armiyasi mazkur yilda 70 ming, kelasi yil esa 80 ming kishini tashkil etishi rejalangan.
XS
SM
MD
LG