Muxolifatchi shoir Yusuf Juma taqdiri noma'lum qolmoqda


O'zbekistonda ayrim siyosiy mahbuslarning ozod etilayotganiga qaramasdan huquqiy vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Mamlakatda inson huquqlarini ta`minlash mavzusiga oid tadbirlar ko`paygan. Kuni kecha O'zbekiston prezidenti huzuridagi qonunchilikni monitoring qilish institutida inson huquqlari mavzusida davra suhbati o`tgan.

Mazkur tadbir Inson Huquqlari bo`yicha Butunjahon Deklaratsiyasiga 60 yil to`lishi munosabati bilan tashkil qilingan.

Sal avval O'zbekiston Inson Huquqlarini Himoya qilish Milliy Markazi jurnalistlar uchun “Inson huquqlari” mavzusida tanlov e`lon qildi.

Yaqinda ikki siyosiy mahbus Admadjon Odilov va Mo`tabar Tojiboyevalar ozod qilindi.

Huquq faollari so’zlariga ko`ra, inson huquqlari mavzusida o`tayotgan tadbirlar real hayotdan uzoq, faqat ko`zbo`yamachilikka asoslangan.

“O'zbekiston bu yil hatto Inson Huquqlari bo’yicha Butunjahon deklaratsiyasining 6o yillik to`yini nishonlashni ham o`z bo`yniga oldi. Buni O`zbekistonda nishonlash kulgili. Bir so`z bilan aytganda, hukumat inson huquqlari borasida sa’y-harakatlardan siyosiy niqob sifatida foydalanmoqchi”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Tashanovning aytishicha, hukumat repressiv siyosatdan voz kechgani yo’q, huquq himoyachilariga, jurnalistlarga bosim davom etmoqda.

“Bir tomondan vaziyat yaxshilanayotganini ko`rsatmoqchi, ikkinchi tomondan esa rejimga qarshi turgan odamlarni qamamoqda”, - deydi Tashanov.

Besh yil qamoq jazosiga hukm qilingan shoir Yusuf Jumaning qarindoshlari yordam so`rab, xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqda. Shoirning turmush o`rtog’i Gulnora Oltiyevaning murojaatida Yusuf Jumaning qayerda saqlanayotgani noma`lumligi aytiladi.

Yusuf Juma ustidan o`tgan sudda advokatlik qilgan Ruhiddin Komilov ma`lumotga ko`ra, shoir 13 iyun kuni Toshkentdan “Jasliq” qamoqxonasiga olib ketilgan.

“So`rovnoma bergan edim, lekin javob olganim yo`q. Shunga o`xshash boshqa bir xatimga javob oldim, unga ko`ra, 13 iyundan boshlab 64/71 muassasasida o`tiribdi. 13 iyun kuni Toshkentdan olib ketilgan”, - deydi Ruhiddin Komilov.

Gulnora Oltiyeva o`z murojaatini Xalqaro Qizil Xoch qo`mitasiga ham jo`natgan. Qo`mitaning Toshkentdagi vakolatxonasi bu borada biror ma`lumot taqdim eta olmasligini bildiradi.

Yaqinda tarqalgan xabarlarga ko’ra, qamoqdagi muxolifatchi va huquq himoyachisi Norboy Xoljigitovning ahvoli og’irlashgan.

“Xoljigitov O`zbekiston inson huquqlari jamiyatining Ishtixon tumani raisi, “Birlik” faoli bo`lgan. U bezorilikda, tovlamachilikda ayblanib, boshqa huquq himoyachilari qatorida qamalgan. Ayblovlarning hammasi soxtalashtirilgan edi. Hozir o`g’li berayotgan arizaga ko`ra, ahvoli juda og`ir, tanasida qand miqdori oshgan, deyarli shol bo`lib qolgan” - deydi Abdurahmon Tashanov.

“Diniy ayblov bo`yicha qamoqqa olishlar davom etmoqda. Bizga bir ma`lumot keldi - 26 nafar harbiy xizmatchi namoz o`qigani uchun hibsga olingan. Hukumat inson huquqlari bo`yicha harakatlar qilayotgani bilan, tanganing ikkinchi tomoni haqida nega hech narsa deyilmayapti? Nega noqonuniy sudlar, qiynoqlar davom etayapti?” - deydi huquq himoyasichi Sur’at Ikromov.

Uning aytishicha, keyingi paytda, ayniqsa, diniy e`tiqod bo`yicha taz’yiqlarning yangi to`lqini boshlanmoqda.

XS
SM
MD
LG