Breaking News

Rossiya Yevropa qistovi bilan islohotlar qilishi mumkinmi?


Rossiya va Yevropa Ittifoqi yangicha hamkorlik borasida fikr almashmoqda.

Ittifoq rahbariyati va Kreml inson huquqlari va demokratik tamoyillar yo'lida birga ishlash ustida o'ylanmoqda.

Toshkentdagi ayrim sharhlovchilar nazarida Rossiyada demokratik islohotlar boshlansa, bu bevosita O`zbekistondagi siyosiy boshqaruvga ham ta`sir etmay qolmaydi.

Tanqidchilar izohicha Rossiya va O'zbekistonning avtoritar tuzumi bir-biriga suyanib keladi.

"[Yevropa Ittifoqi bilan] uchrashuvda Medvedov Putinning avvalgi gaplarini takrorladi, ya'ni munosabatlarda biror yangilik bo'lishi kutilmaydi. Agarda hozir Rossiya Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni yaxshilab, Yevropa standartlariga o`tsa, buning O`zbekistondagi vaziyat uchun katta ta`siri bo'ladi", - deydi "Birlik" partiyasi rais o'rinbosari Po'lat Oxun.

Rossiya tarkibidagi muxtor respublikalardan biri - Tatariston prezidenti Mintemir Shaymiyev gubernatorlarni Kreml tayinlamasdan, ularni xalq saylasin deb chiqmoqda.

Tahlilchilar fikricha Tatariston rahbari bu undov bilan markaziy hukumat ta'sirini kamaytirish lozim demoqda.

Muxolifatdagi "Birlik" partiyasi rais o`rinbosari Po`lat Oxunga ko`ra Mintemir Shaymiyev Kremlning keskin nazoratiga qaramasdan mustaqil siyosat yuritishga urinayotgan tajbirali arbob.

"Chechenlar oxir oqibatda Rossiya bilan fuqarolik urushigacha bordi. Lekin Tatariston urushsiz ko`p imkoniyatlarga ega bo`ldi. Bu albatta Shaymiyevning juda tajribali siyosatchi ekanidan dalolat. Yeltsin o`sha paytda kelib, "xohlagacha mustaqillik olinglar" degan davrlardan boshlab, Tatariston Rossiya ichida ancha mustaqillika erishdi. Regional rahbarlar ichida Shaymiyevning nufuzi baland. Putin kelgach, shularni ham hisobga olib, regional rahbarlarning vakolatlarini cheklashga tushdi va ularni o`zi tayinlaydigan bo`ldi", - deydi Po`lat Oxun.

Tatariston prezidenti jumladan muxtoriyat rahbarini markaz emas, balki tatarlarning o`zi saylasin deb xalq manfaatlarini himoya qilmoqda deydi kuzatuvchi.

"Putun prezidentligining oxirgi yillarida Shaymiyevning o'rniga Ichki ishlar vaziri Rashid Nurgaliyevni tayinlash haqida gaplar yurdi. Ehtimol shunday bayonot bilan Shaymiyev Tatariston xalqiga ham murojaat qilmoqda. Yangi prezidentni o'zingiz tanlang deya undamoqda", - deydi Po'lat Oxun.

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazarga ko`ra esa turkiylarni katta bir qismini tashkil etuvchi tatarlar Rossiyadagi asosiy mahalliy xalqlardan biri.

"Hozirgi Volga daryosi bo`ylab qadimda bulg`orlar degan xalq yashagan. Bulg`orlar hozirgi tatarlar. Ularning tarixi mashhur Atilladan ham avvalga borib taqaladi. Bir saltanat kelib gullab-yashnaydi va keyinroq inqirozga uchraydi. Tatarlarda ham shunday. Avval buyuk saltanatlar qurgan bo`lsa, Ivan Grozniy davridan boshlab turkiy dunyo inqirozga uchray boshladi. Oltin o`rda xonligi tugatildi. Rossiyada ruslar davri boshlandi. Qudratli Rossiya imperiyasiga asos solindi. Shu paytdan boshlab tatarlar ham parchalanib ketdi", - deydi olim.

Kreml Tatariston rahbarining chaqiriqlariga javob bermagan. Tahlilchilar nazarida Mintemir Shaymiyev mavridi kelmaganda bunday bayonot bilan chiqmagan bo'lardi. "U ehtiyotkor siyosatchi",- deydi ular.

XS
SM
MD
LG