Breaking News

Internetda ta'lim olish dasturlari kengayib bormoqda


Global tarmoq – Internet yil sayin har bir xonadonga kirib bormoqda.

Internet orqali odamlar nafaqat bir-biri bilan gaplashadi va xat almashadi, balki ishlaydi va bozor qiladi ham.

1990-yillarning oxiridan boshlab global tarmoq ta’lim muassasalarini ham qamrab olgan.

Virtual ta’lim maktab va oliygohlarni bilim berishning yangicha metodlari bilan chiqishga majbur qilmoqda.

Internet paydo bo’lganidan beri maktablar ham shaklan, ham mazmunan o’zgardi. Bugun Amerikaning 42 shtatida uzoqdan turib o’qitish dasturlari mavjud.

Indiana Universiteti qoshidagi Ta’lim va Sifatni Tahlil qilish Markazi e’lon qilgan hisobotga ko’ra, 18 shtatda darslar boshdan oyoq internet orqali o’tiladigan kollejlar ishlamoqda. Bu kollejlarning binosi va pochta manzilini topa olmaysiz, hammasi global tarmoqda.

Talabalar istagan payt domla bilan gaplasha oladi – internet orqali. Video va audio muloqot o’rnatilgan.

1997 yilda Florida shtati AQShdagi ilk va eng yirik Internet maktabni ishga tushirgan edi. Florida Virtual Maktabi bugun o’quvchiga 90 dan ortiq fan taklif qiladi. O’tgan yili ta’lim dargohi talabalari soni 56 mingni tashkil etdi. Studentlar bir yoki ikkita fandan saboq olishni ma’qul ko’radi. Ko’pi bir vaqtning o’zida haqiqiy kollej va universitetlarda o’qimoqda.

Yaqinda esa Florida Virtual Global Maktabi ish boshladi. Boshqa davlatda yashaydigan studentlar ham bemalol dars olishi mumkin. "Afrikada va hatto Yaponiyada talabalarim bor",- deydi ingliz tili o’qituvchisi Janey Xeyking.

Ular AQSh kollejiga o’qishga kirishdan oldin internet orqali tayyorlov kurslarida ishtirok etmoqda.

Internetdagi kollej va universitetlar haqida har xil qarashlar bor. Indiana Universiteti hisobotiga ko’ra, Florida Virtual Maktabi talabalari boshqa tengdoshlariga qaraganda yuqori baho olmoqda. Biroq Kanzas va Koloradodagi online kollej studentlarining baholari qoniqarsiz.

Sohada ishlay oladigan murabbiy kadrlar hali u qadar ko’p emas. Indiana Universiteti hisobotini o’rgangan muallimlar virtual maktablar ustida hali biroz ishlash lozim degan fikrda.

XS
SM
MD
LG