Breaking News

"Ozodlik" o'z jurnalistlari taqdiridan xavotirda


"Ozodlik" radiosi rahbari Jeffri Gedmin “Vashington Post” (Washington Post) gazetasida chop etilgan maqolasida, O’zbekistonda mustaqil jurnalistlarga qarshi keng qamrovli kampaniya ketmoqda, deydi.

Uning yozishicha davlat televideniyesi maxsus ko’rsatuv tayyorlab, "Ozodlik" muxbirlarini jinoyatchi va vatan xoinlari deb atagan. Efirda ularning surati ko’rsatilib, oilalari haqida ma’lumot va uy manzillari tilga olingan. Ko’rsatuv efirga kamida uch marotaba uzatilgan, deydi Gedmin.

Uning nazarida O’zbekistondagi vaziyat AQShning keyingi prezidenti uchun jumboq bo'lsa ajabmas. Qo’shma Shtatlar O’zbekiston bilan xavfsizlik borasida hamkorlik qilayotib, inson huquqlari va demokratiya masalalarini unutmasligi lozim, deydi "Ozodlik" prezidenti.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Richard Baucher yaqinda Toshkentga safar qilganida mamlakatda huquqiy ahvol yaxshilanmoqda va oldinda hali ko'p ishlar qilinishi kerak degan edi. Tashrifdan so’ng "Ozodlik" muxbirlarini qoralovchi dastur namoyish etilgan.

Britaniyada istiqomat qilayotgan o'zbekistonlik jurnalist Shohida To’laganova rasmiy Toshkentning jurnalistlarga nisbatan harakatlarini “jirkanch” deb ataydi.

Uning aytishicha, agar Yevropada shunday bo’lganida edi, "Ozodlik" rahbariyati jurnalistlarni isbotsiz va asossiz haqoratlagan telekanalni sudga bergan bo’lar edi. Lekin O’zbekistonda qonunlar ishlamaydi, deydi u.

"Ozodlik" radiosi Pragada asoslangan bo'lib, "Amerika Ovozi" kabi AQSh Kongressi tomonidan moliyalanadi.

XS
SM
MD
LG