AQSh harbiylari Eron bilan urush boshlash ortiqcha degan fikrda


AQSh harbiylari Eron bilan diplomatlarcha muloqot qilish tarafdori. Har qanday harbiy chora kutilmagan natija berishi va AQSh qo’shini gardaniga og’ir yuk bo’lib tushishi mumkin deydi ular.

AQSh admirali Mayk Mullen yana bir urush boshlash ortiqcha deydi. Albatta AQSh qo’shini, zarur bo’lsa, jangga kirishadi. Buning uchun zaxira va kuchimiz yetarli. Biroq har qanday urush kutilmagan oqibatlarga yetaklashini ham unutmaylik deydi admiral.

Eron xalqaro hamjamiyat talabiga ko’nmay, uranni boyitishda davom etmoqda. Boyitilgan uran yadro quroli yaratishda qo’llanishi mumkin. Biroq rasmiy Tehron boyitilgan urandan tinch maqsadlarda foydalanamiz deb ta’kidlamoqda.

AQSh admirali nazarida Eronga turli xil kafolatlar va’da qilib yoxud sanksiyalar qo’llash orqali ta’sir qilgan ma’qul.

Eron Neft vaziri G’ulom Husayn Nozariy esa Eronga hujum qilinsa, yonilg’i bozoridagi ahvol yanada og’irlashadi deydi. Tehron zarbaga zarba bilan javob berishga qodir deydi u.

O’tgan oy Isroil harbiy havo kuchlari keng ko’lamli harbiy mashqlar o’tkazgan edi. Ba’zilar fikricha, Isroil Erondagi yadroviy ob’yektlarni yo’q qilishga hozirlanmoqda.

Bu orada Eron Tashqi ishlar vaziri Monuchehr Mo’ttaki Nyu-Yorkda BMT ma’murlari bilan uchrashgan. Mo’ttaki yadro dasturi bo’yicha muzokaralar “yangicha ruhda” kechmoqda deydi. Yevropa Ittifoqi rasmiylari Eron uranni boyitishni bas qilsa, qator imtiyoz va kafolatlar va’da qilgan. Bu taklif ayni damda Eron tomonidan o’rganib chiqilmoqda.

XS
SM
MD
LG