Breaking News

AQSh siyosiy sahnasida uchinchi yirik partiyaga o'rin yo'q


AQShda prezident saylovlari yaqinlashar ekan, g’olib ikki asosiy partiyadan birining vakili bo’lishi aniq. Respublikachi yoki demokrat. Shu yerda o’rinli savol tug’iladi. Nega Qo’shma Shtatlardek yirik demokratik davlatda uchinchi yirik partiya shu paytgacha paydo bo’lmagan. Masalan, sotsialistlar partiyasi yoki ishchilar partiyasi?

"Amerika G’arbdagi boshqa demokratik mamlakatlarga o’xshamaydi," deydi Shimoliy Karolina universiteti professori Geri Marks. Uning aytishicha, Qo’shma Shtatlar 1776 yili Buyuk Britaniyadan mustaqil bo’lgach, tenglik, ijtimoiy faollik va cheklangan hukumatga intilib keladi.

"Ba’zida hukumatimiz hajmidan noliymizku, ammo Yevropa davlatlariga qiyoslaydigan bo’lsak, AQSh hukumatining jamiyatdagi roli uncha katta emas."

Mamlakatga muhojirlar kelishda davom etar ekan, ular Amerikaning umumiy qadriyatlarini qabul qilib, an’anaviy sotsialistik tamoyillardan chekinadi.

Shunga qaramay Birinchi jahon urushidan oldin xalq hayotining nochor ahvolga kelishi sotsializm uchun sharoit yaratib beradi.

1912 yili Sotsialistlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Yujin Debs saylovlarda olti foiz ovoz oladi. Mamlakat bo’ylab davlat idoralariga partiyaning yuzlab vakillari saylanadi. Ammo partiyaning o’ziga yarasha muammolari bor edi.

"Sotsialistlar kichik partiya bo’lib, aholiga mafkuradan boshqa narsa taklif qila olmasdi. Balki boshqa jamiyatda ular o’zini ko’rsata olgan bo’lardi. Bundan tashqari kasaba uyushmalar kuchaya bordi," deydi Marks.

Mamlakatdagi siyosiy partiyalarga shubha bilan qaraydigan sotsialistlardan farqli o’laroq, kasaba uyushmalar ishchilar hayotini yaxshilash va maoshlarni ko’tarish borasida demokratlar va respublikachilar bilan hamkorlik qiladi.

Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti mutaxassisi Benjamin Ginzbergning aytishicha, ishchilarni siyosatdan ko’ra iqtisodiy masalalar ko’proq tashvishlantiradi.

"Kasaba uyushmalarda siyosiy huquqlar uchun kurashish zarurati yo’q edi. Chunki oq tanlilar usiz ham barcha huquqlarga ega edi. Shuning uchun ishchilar o’sha paytda faoliyat yuritayotgan demokratlar, respublikachilar, undan oldin esa liberallar partiyasiga qo’shila boshlaydi. Siyosiy kurashni ana shu partiyalar safida ham olib borish mumkin edi."

30-yillardagi iqtisodiy tushkunlik sotsialistlarga yana umid bag’ishlaydi. Biroq siyosatshunos Benjamin Ginzbergning aytishicha, vaqt boy berilgan edi.

"Mamlakat buyuk iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirayotgan bir paytda ishchilar partiyasi tuzilishi mumkin edi, ammo Franklin Ruzvelt prezident etib saylangach va o’z iqtisodiy dasturini tatbiq eta boshlagach, Demokratik partiya tarkibidagi ishchilar shu qadar kuchayadiki, ishchilarning boshqa partiya tuzishiga hojat qolmaydi."

O’sha paytdan buyon ishchilar demokratlarga ovoz beradigan bo’lgan. Ikkala partiyaga ovoz bergan saylovchilar esa umumiy elektoratning 95 foizini tashkil etadi. Bu hol hali-beri o’zgarmas ekan, uchinchi partiyaning nufuz va siyosiy kuchga erishishi amri mahol.


Noyabrda bo'ladigan saylovlarga AQSh Sotsialistlar partiyasi Brayan Murni prezidentlikka va Styuart Aleksandrni vitse-prezidentlikka nomzod qilib ko'rsatgan.
XS
SM
MD
LG