O'zbekistonda kadrlar saviyasi pasayib bormoqda


Bu yil O`zbekiston oliy va o`rta ta`lim maskanlarini 50 mingdan ziyod kishi bitiradi. Mutaxassislar bu kadrlarning bilimi va saviyasiga tanqidiy qaramoqda. Sharhlovchilar fikriga ko`ra, O`zbekiston ta`lim tizimidagi ahvol achinarli va malakasiz kadrlar bugun milliy muammo.

Bu yil O`zbekiston o’quv yurtlariga 58 ming talaba o`qishga qabul qilinadi, bundan tashqari, magistratura va ayrim sohalarda sirtqi ta`lim uchun ham qabul imtihonlari o`tadi. Shuningdek, kamida 50 ming mutaxassis o`quv yurtlarini bitiradi.

Sharhlovchilar O`zbekistonda kadrlar sifatining pasayib borish sur’atidan tashvishda. Ayrimlar fikricha, tayyorlangan yosh kadrlar o`z sohasida bilim va layoqatga ega emas, buning sababi turli ijtimoiy va iqtisodiy muammolar bilan izohlanadi.

Sharhlovchi Akbar Aliyev nazarida muammo birinchi navbatda oliy toifadagi mutaxassis kadrlar tayyorlovchi o`qituvchi- professorlaning iqtisodiy ahvoli bilan bog`liq.

“Imtihon, zachyot pulga baholangandan keyin 100 tadan bitta oqiydigan talaba chiqsa ham atrofdagilar unga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Hammaning ichida oq qarg`a bo`lasanmi deb. Mutaxassislar saviyasining pasayib ketishi tabiiy hol. Shifokorlar odamlarni davolay olmaydi, o`qituvchi o`z sohasini uddalamaydi, birinchi sabab o`qituvchi-professorlarning o`zi moddiy jihatdan ta`minlanmagan. 200 ming oylik olsa, bu o`zini boqishga yetmaydi, u bola-chaqasini ham boqishi, to`lovlar to`lashi ham kerak-ku”, - deydi u.

Akbar Aliyevning aytishicha, kelajakda buning asoratlari jiddiy bo’lishi mumkin.

“Boshqa tomondan yoshlarimiz chet ellarga borib, prinsiplarga asoslangan holda o`qib qaytishayapti, lekin qaytgandan keyin yana shu sharoitga moslashishga yoki qayta chiqib ketish yo`llarini qidirishga majbur, bu ham fojea”, - deydi Aliyev.

Shifokor Abdulla Hayitboyev nazarida bugun, asosan, puli borlar oqiyapti, ular imtihondan o’tishi uchun o`qish emas, pul to`lashi kifoya.

“Bundan tashqari, tibbiyot sohasida ilmiy adabiyotlar tanqisligi bor, men studentligimda kamida 15 ta ilmiy jurnallar olib turardim. Albatta, bunday sharoitda saviya pasayib boraveradi. Hozir shifokor olayotgan maosh jurnal olishga ham yetmaydi. Asosiysi, ustoz, mutaxassis uchun kitob, ilmiy jurnallar bo`lishi kerak. Malaka saviyasining bir qanoti poraxo`rlik bo`lsa, ikkinchi tomoni axborot yetishmasligi”, - deydi shifokor.

O`rta maktab o`qituvchisi Ziyodillo Razzoqovning aytishicha, muammo nafaqat malakali kadrlarning yetishmasligida, balki shunday kadrlar bo`lgan taqdirda ham ularning e`tibordan chetda qolayotganida.

“Mutaxassisning orqasida suyangan biror kishisi yoki puli bo`lmasa, u qanchalik yaxshi mutaxassis bo`lmasin ishsiz qolib ketaveradi”, - deydi Razzoqov.

Sharhlovchilar nazarida ta’lim tizimi O`zbekistonda eng korrupsiyalashgan sohalardan biri. Achinarlisi, pora evaziga diplomga erishgan kadrlar o`z kasbiy faoliyatini korrupsiya muqarrar va tabiiy degan tushuncha bilan boshlaydi.

XS
SM
MD
LG