Breaking News

Dollar qadri pasayishda, neft narxi o'sishda davom etyapti


Bugun bir barrel qora oltin bahosi - 144 dollar.

AQSh valyutasi qiymatining tushib borayotgani, Eronga nisbatan hujum ehtimoli hamda Amerikada neft zaxiralarining kamligi mahsulot bahosini ko'tarmoqda, deydi iqtisodchilar.

Londonlik iqtisodchi Jon Mitchel fikricha neftga talab pasaymas ekan, u qimmatlashib boraveradi.

"Bundan, birinchi navbatda, iste'molchi aziyat chekadi. Mahsulotning eng katta xaridori bo'lgan AQShda haydovchilar narx o'sishini keskin qabul qilgan. Iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan Xitoy va Hindistonda esa xomashyoga talab yuqori", - deydi Mitchel.

AQSh Moliya vaziri Genri Polson masalani Londonda hamkasbi Alister Darling bilan muhokama qilgan.

"Qimmatchilik chegara bilmaydi", - deydi Britaniya vaziri. Mashinasi bo'lmaganlar ham buni bozordagi mahsulot narxidan bilib olishi mumkin. chunki mahsulot bahosiga tashish xarajatlari ham qo'shiladi. Bugungi kunda aviakompaniyalar chiptalarga maxsus "qo'shimcha yonilg'i" xarajatini kiritishi oddiy hol.

Iqtisodchi Jon Mitchel ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarga qiyin deydi. "Qora oltinni import qiluvchi davlatlarda sarosima, norozilik namoyishlari avj oladi", - deydi mutaxassis.

Uning fikricha jahon savdosining ortishi ham yonilg'i narxining o'sishiga sabab bo'lyapti. Taklif tomoni esa katta o'zgarishlar qilgani yo'q.

G'arb mamlakatlari neftni eksport qiluvchi OPEK tashkilotidan ko'proq mahsulot qazib olishni so'rayapti. Lekin ba'zi iqtisodchilar nazarida tashkilotga a'zo davlatlar so'nggi imkoniyatlari darajasida ishlab chiqaryapti.
XS
SM
MD
LG