Breaking News

Bush sammitdan oldin Medvedev bilan uchrashgan


Prezident Bush Katta Sakkizlikka a'zo davlatlar rahbarlari bilan uchrashish uchun Yaponiyada. Sammit o'tayotgan Xokkaydo oroli Bush anjumandan oldin Yaponiya bosh vaziri bilan muloqotda bo'lgan.

Tomonlar Shimoliy Koreya yadro dasturini muhokama qilgan. Yaponiya Bosh vaziri Yasuo Fukudaning aytishicha, bu borada hali qilinadigan ishlar ko'p.

"Shimoliy Koreya yaqinda yadro inshootlari va materiallari ro'yxatini taqdim etganiga qaramay ma'lumotlarni sinchkovlik bilan tekshirish kerak," dedi u.

Fukuda yadro dasturini 70-80 yillarda o'g'irlangan yapon fuqarolarining ishiga bog'lamoqchi.

Shimoliy Koreya 13 kishi o'g'irlanganini tan olgan. Yaponiya nazarida o'g'irlanganlar soni bundanda ko'p. Masala hal qilinmas ekan, rasmiy Tokio Pxenyanga yordam bermoqchi emas.

Bush Qo'shma Shtatlar bu masalada Yaponiya bilan hamfikr deydi.

Shimoliy Koreya taqdim etgan ro'yxatda yadro qurollarining soni va qayerda joylashgani hamda Suriya kabi mamlakatlar bilan uranni boyitishdagi hamkorlik haqida ma'lumot yo'q.

"Shimoliy Koreya eng ko'p sanksiya qo'yilgan davlat. Xalqaro majburiyatlarini bajarmas ekan, shundayligicha qoladi," deydi Jorj Bush.

Katta Sakkizlik sammitiga guruhga a'zo bo'lmagan ayrim davlatlar rahbarlari ham taklif etilgan. Jumladan Afrika qit'asidan sakkiz rahbar. Oziq-ovqat va yonilg'ining qimmatlashishi, Afrikaning Quyi-Saxara mintaqasiga iqtisodiy yordam ko'rsatish kabi mavzular qatorida zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishini kamaytirish haqida ham muloqot kechadi.

"Bu muammoga barcha davlatlar birday yondashishi kerak. Agar Xitoy va Hindiston kabi iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan davlatlar hamfikr bo'lmasa, muammo hali beri hal bo'lmaydi," deydi AQSh prezidenti.

Ikki yil burun Shotlandiyadagi sammitda Katta Sakkizlik rahbarlari 2010 yilgacha Afrikaga 50 milliard dollarlik yordam berishga va'da qilgan, ammo mustaqil kuzatuvchilar fikricha, shu paytgacha 6 milliard dollar pul ajratilgan xolos.

Prezident Bush Xokkaydoda Tanzaniya prezidenti Jakaya Kikvete bilan ham uchrashib, Zimbabvedagi siyosiy vaziyatni muhokama qilgan. Tanzaniya ayni damda Afrika Ittifoqiga raislik qiladi.

AQSh rahbari Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev bilan ham muloqot qilgan. Tomonlar Eron masalasida hamfikr, ammo Sharqiy Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasi bo'yicha qarama-qarshi pozitsiyada.

Medvedev Bush bilan prezident sifatida ilk marotaba uchrashmoqda. AQSh rahbari uchrashuvdan yaxshi taassurotda ekanini aytgan.

"Men Oq uyda hali yana olti oy bo'laman, ammo qolayotgan qisqa vaqt ichida Eron va boshqa masalalar bo'yicha yaqindan hamkorlik qilishimizga ishonaman," deydi Bush.

Ayrim davlatlar nazarida Eron yadro qurolini yaratishga ahd qilgan. Rasmiy Tehron esa uran elektr quvvatini olish maqsadida boyitilmoqda deydi.

Ikki rahbar Shimoliy Koreya yadro masalasi va Gruziyadagi ahvolga ham to'xtaldi.

Medvedevga ko'ra, Rossiya Yevropada mudofaa tizimining o'rnatilishiga qarshi. Bush ma'muriyati esa Kremlni tizim Eron hujumiga qarshi mo'ljallanganiga ishontirishga harakat qilmoqda.

XS
SM
MD
LG