Eron G'arb shartlarini qabul qilmoqchi emas


Eron dunyo davlatlari bilan muzokaraga tayyor, biroq yadro dasturini davom ettiradi. Mamlakat rasmiylari G’arb talablariga shunday deb javob bermoqda.

Bu degani, rasmiy Tehron BMT Xavfsizlik Kengashining uran boyitishni to’xtatish haqidagi talablarini bajarmoqchi emas. G’arb davlatlari esa Eronni iqtisodiy yordam va imtiyozlar bilan ko’ndirish ilinjida.

AQSh prezidenti Jorj Bush yaqinda Eron masalasini hal qilish uchun "diplomatiyaga tayanamiz " deya takrorladi. AQSh admirali Mayk Mullen esa Eron yadro quroli ishlab chiqarish niyatidan qaytgani yo'q deydi.

Ammo admiral fikricha Iroq va Afg'onistonda urush ketayotgan bir mahalda, yana bir mojaroni boshlash AQSh armiyasi zimmasiga og'ir yuk bo'lib tushadi.

Bu orada, Eron Tashqi ishlar vaziri Manucher Mo'ttaki AQSh va Isroil tomonidan hujum ehtimolini rad etmoqda.

"Isroil hukumati siyosiy parokandalik holatida ekan, Eronni nishonga olishdek telbalikka bormaydi", - deydi Mo'ttaki. Vazir fikricha AQSh ham mintaqada navbatdagi urushni boshlashga qodir emas.

Bu boradagi taxmin va da'volar bugun mutaxassis va kuzatuvchilarning sevimli mavzuiga aylangan. Nyu-Yorker jurnaliga ko'ra, AQSh Eronda maxfiy operatsiyalar ko'lamini kengaytirgan.

"Eron nishonga olinsa, oqibatlarini tasavvur qilish qiyin",- deydi Yaqin Sharqdagi vaziyatni o'rganuvchi olim Maykl Eyzenstad. "Lekin qo'l qovushtirib o'tirish ham yaramaydi".

Agar Eronning yadro dasturini to'xtatish darajasida zarba berilmasa, operatsiyani boshlamagan ma'qul, deydi Eyzenstad. Uning fikricha ehtimoliy operatsiya aniq razvedka ma'lumotlari va dalillarni to'plashdan, puxta tayyorgarlikdan boshlanishi kerak.

"Biroq xalqaro hamjamiyatni va Amerika xalqini bunday amaliyotga ko'ndirish oson bo'lmaydi",- deydi u. Shunga qaramasdan, olim nazarida muzokaralar hozirgi sur'atda davom etsa, Eron yadroviy jabhada ko'zlagan maqsadiga erishishi mumkin.

"AQSh razvedkasi Tehron maxfiy yadro dasturini to'xtatgani haqida xulosa qilgan edi, lekin bu xulosaga kelish uchun 4 yil vaqt ketdi",- deydi Eyzenstad. Eron bu dasturni qayta boshlaganini isbotlovchi dalil topilganicha yo'q.

Mamlakatga shu paytgacha 3 marotaba sanksiya qo'yilgan, biroq rasmiy Tehron bu jazo choralarini noqonuniy deb ataydi. Eron Inqilobiy gvardiyasi yadro inshootlariga har qanday hujumni urush deb qabul qilishini bildirgan.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod Malayziyaga safari chog’ida G’arb davlatlarini gegemon siyosatda ayblab, “mamlakatim ularning hech qanday shartiga rozi bo’lmaydi” degan. Uningcha har qanday muzokarada tomonlar teng huquq va vakolatlarga ega bo’lishi lozim.

“Yadro dasturi bilan bog’liq kelishmovchilikni diplomatik yo’l bilan hal etish tarafdorimiz, ammo o’z manfaatlarimizdan voz kechmaymiz”,- deydi Ahmadinajod. Eron o’tgan hafta Yevropa Ittifoqi o’z atom maqsadlari haqida yangi hisobot yo’llagan.

XS
SM
MD
LG