Markaziy Osiyo yonilg'i zaxiralari ustida raqobat qizimoqda


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Katta Sakkizlik (AQSh, Kanada, Britaniya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Rossiya va Yaponiya) uchrashuvidan oldin Turkmaniston, Qozog'iston va Ozarbayjonga safar qilib, energetik hamkorlikni mustahkamlash haqida gaplashdi.

Sharhlovchilar nazarida mintaqa zaxiralari eksporti qay tarzda amalga oshirilishini Rossiya hal etishda davom etmoqda.

Gazprom rasmiy Ashgabat bilan gaz eksporti bo'yicha 2025 yilgacha shartnoma tuzgan. Rossiya mahsulotni Yevropa narxlarida sotib olishga tayyor.

Sal avval Turkmaniston, Qozog`iston va O`zbekiston Rossiyaga sotilayotgan gaz 2009 yildan boshlab G'arb bahosiga ko'tariladi deya bayonot bergan edi.

Hozircha gaz narxi bo`yicha aniq bir to`xtamga kelinmagan. Biroq ayrim tahlilchilar nazarida Rossiyaning mintaqa gazini G'arb bahosida olishga shay ekani "Nabukko" loyihasi amaliyotini qiyinlashtiradi. U quvur AQSh tomonidan olg'a surilmoqda va Rossiyani chetlab o'tishi rejalangan.

Sharhlovchi Kamron Aliyev fikricha Rossiya shu paytgacha dunyo bozoridagi mavqeini mintaqadan arzon narxda sotib olinayotgan gaz va neft hisobiga mustahkamlab keldi.

"Gaz va neft uchun muqobil quvurlar yaratish mintaqa uchun g`oyat muhim. Hozirgacha Rossiya o`z mavqeidan foydalanib, mintaqa zaxiralarini arzon narxda sotib oldi vadeyarli o'zida ishlatmay boshqa davlatlarga sotib katta daromad ko`rdi", - deydi Aliyev.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov esa Rossiya xalqaro maydonda katta majburiyatlarni o'z bo'yniga olgan deydi.

"Gaz va neft zaxiralari kamaygan. Rossiya shartnomalarini bajarishi kerak, ya'ni Yevropaga yonilg`ini yetkazib berishi shart. Shuning uchun ham mintaqadan qimmat narxda bo`lsa-da olishga tayyor", - deydi Tolipov.

Tahlilchilar ta'biricha geosiyosiy kurash davom etaveradi va ko'p narsa Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqil tashabbusiga bog'liq.

"Qozog'iston va Turkmaniston boshqa davlatlar bilan shartnomalar imzoladi. Rossiya o`z imkoniyatlarini saqlab qolishi mumkin, lekin mintaqa zaxiralari ustidan monopoliya o'rnata olmaydi va yagona eksportchiga aylanmaydi", - deydi Tolipov.
XS
SM
MD
LG