Breaking News

Afg'oniston-Pokiston kelisha olmas ekan, mintaqa alanga ostida


Pokiston va Afg'onistonda, o'tgan bir yil ichida, hujum va portlashlar ko'lami keskin oshgan.

Elchixona va mehmonxonalar, harbiy kolonnalar va gavjum bozorlar nishonga olinmoqda.

Pokiston va Afg'onistondagi zaif boshqaruv hamda siyosiy mojarolar muammo ortidagi omillar deb ko'rilmoqda.

Vaziyatni yaqindan kuzatayotgan mutaxassislar fikricha, jangari guruhlar har ikki mamlakatdagi vaziyatdan yaxshi foydalanyapti. Natijada Pokiston va afg'on hukumatlari orasida ishonch yo'qolib bormoqda.

AQSh Davlat kotibi sobiq muovini Terezita Shafferning aytishicha rasmiy Islomobod butun e'tiborini mamlakat ichida, xususan Islomobod va Karachi kabi yirik shaharlarda hujumlarning oldini olishga qaratyapti.

"AQSh va afg'on hukumatlari esa jangarilarning erkin harakatini to'xtatish uchun ko'proq chegara nazorati bilan mashg'ul", - deydi Shaffer. Harbiylar fikricha Afg'onistondagi NATO kuchlariga hujumlar aynan Pokiston hududida rejalanadi.

Tahlilchi Komron Buxoriy ta'biricha Pokistonning yangi hukumati muammoni qanday yechish ustida o'ylanib qolgan.

"Bir qarashda ba'zi qabilalar bilan tinchlik bitimlari tuzmoqchi, lekin harbiylarni ishga solish fikridan ham qaytgani yo'q".

Bunday ikkilanishga bir sabab, deydi yaqinda mintaqada bo'lib qaytgan NATO qo'mondoni Den Maknil, Pokistonda yangi hukumat kelganidan beri siyosiy tortishuvlarning keti ko'rinmaydi.

"Pokiston hukumatini aslida kim boshqaryapti, bilish qiyin", - deydi general Maknil.

Afg'onistondagi vaziyat haqida gapirganda, tahlilchilar avvalo korrupsiya va qoradori savdosini eng katta muammo deya tilga oladi.

"Markaziy va mahalliy hukumatlar birdek korrupsiyaga botgan. Mamlakatda o'tkazilgan ommaviy so'rovlar ham shuni ko'rsatmoqda. Birinchi navbatda qoradori biznesi bilan shug'ullanayotgan amaldorlarni ishdan olish kerak, jazolash kerak", - deydi Set Jouns, Vashingtondagi Rend Korporatsiyasi nomli tadqiqot markazi xodimi.

Rasmiy Kobul va Islomobod o'rtasidagi sovuqlik ortida ishonchsizlik, shubha va gumonlar hamda mintaqadagi siyosiy o'yinlar ham yotadi. Jumladan, Afg'oniston-Hindiston munosabatlaridagi iliqlik Pokistonni tashvishga solmoqda.

Tahlilchi Komron Buxoriyning aytishicha, Tolibon harakatining kelib chiqishi va uni Pokiston razvedkasi Hindiston bilan raqobat manzarasida ataylab yaratgani haqidagi taxmin va da'volar hamon tinchlik bermayapti.

O'tgan oy rasmiy Kobul Pokiston razvedkasini prezident Hamid Karzay joniga qasd qilishga uringanlikda ayblagan. Dushanba kuni Hindistonning Kobuldagi elchixonasi yonida ro'y bergan portlashda ham qo'shni davlat gumon qilinadi. Pokiston barcha ayblovlarni rad etgan.
XS
SM
MD
LG