Breaking News

Beyker va Kristofer: Urush xatolarni kechirmaydi


AQShda sobiq davlat kotiblari, ya’ni o’tmishda tashqi ishlar vazirlari bo’lgan ikki arbob - Jeyms Beyker (James Baker) va Vorren Kristofer (Warren Christopher) Kongressdan prezidentning urush e’lon qilish vakolatlarini cheklashni so’ramoqda.

Toki, deydi ular, prezident urush boshlash yoki unda qatnashish uchun qonunchilardan ruxsat so’rasin va Kongress buni kamida bir oy ko’rib chiqsin.

Jeyms Beyker amaldagi respublikachi prezidentning otasi - keksa Jorj Bush davrida, Vorren Kristofer esa demokrat Bill Klinton rahbarlik paytida tashqi siyosat uchun mas’ul rasmiylar bo’lgan.

Urush vakolatlari haqidagi rezolyutsiya AQSh Kongressi tomonidan 1973 yilda, Vyetnam urushi yakunida, qabul qilingan. Amerika qonunchilik organi prezidentlar xalq ruxsatisiz urush ochishni bas qilsin deya yangi qonuniy talablar qo’ygan o’shanda. Toki, degan ular, Oq Uy Kongress bilan maslahatlashsin. Ushbu qonun, deydi ayrim xizmat ko’rsatgan arboblar, samara bermayapti.

Rezolyutsiya yangilansin deydi Jeyms Beyker.

“Amerika demokratiyasini qonun ustuvorligi tebratadi. Lekin urush bilan bog’liq qarorlar qonun chetlab o’tilgan holda qabul qilinar ekan, davlatchilikning muhim tamoyillaridan biri xavf ostida”.

AQShning ikki sobiq davlat kotibi maxsus komissiya tuzib, masalani bir yil o’rganib chiqdi. AQSh prezidenti, deydi ular, urush e’lon qilishdan oldin Kongressning iznidan o’tsin, qaror tasdiqlansin.

Konstitutsiyasiga ko’ra, prezident - oliy qo’mondon, qurolli kuchlar uning qo’lida. Kongress esa urushga pul ajratish va uni e’lon qilish vakolatiga ega. Qizig’i shundaki, Kongress 1941 yildan beri urush e’lon qilmagan.

Taklif qilinayotgan yangi qonunga ko’ra, prezident qo’shinni bir haftadan ortiq muddatga biror joyga safarbar etmoqchi bo’lsa, Kongressdan ruxsat olishi shart.

Kongressda urush masalasi uchun mas’ul qo’mita ham joriy etilsin deydi Vorren Kristofer.

Har qanday mojaroga aralashish yoki urushda qatnashish taklifi qonunchilar tomonidan kamida bir oy muhokama qilinsin deydi arbob.

"Bu juda zarur qonun. Kongress a’zolari prezident bilan bir davrada o’tirib, urushga borish yoki bormaslikni muhokama qila olsin. Qonunchilarimiz buning uchun zarur barcha resurs, razvedka ma’lumotlari va vositalarga ega bo’lsin", - deydi Kristofer.

Amerika Afg’oniston va Iroqda urushni davom ettirarkan, Vashingtonda “Eron bilan nima qilamiz”? - deya o’ylanayotgan rasmiylar bor.

Beyker va Kristofer muhokamadagi qonun loyihasi bular bilan bog’liq emas deydi, ammo Bush ma’muriyati Iroqqa shoshib urush ochganlikda tanqid qilinadi. Urush xatolarni kechirmaydi deydi keksa diplomatlar. Ular nazarida tinch kelajak va to’g’ri qarorlar qabul qilish uchun zamin hozirlanishi kerak.

XS
SM
MD
LG