Qimmat yonilg'i ayrim davlatlar siyosatini o'zgartirmoqda


Jahon bozorida neft qimmatlashib borarkan, bu AQSh prezident saylovlari kampaniyasida ko’p muhokama qilinayotgan mavzuga aylangan. Yonilg’ining qimmatlashayotgani jahon siyosatiga ham ta’sir qilmoqda. Ayrim davlatlar esa ana shu ta’sir ostidan chiqish uchun yonilg’ining muqobil manbalarini rivojlantirishga kirishgan.

Vashington universiteti mutaxassisi Jeyms Robbinsning aytishicha, Qo’shma Shtatlar yonilg’i importi bo’yicha birinchi o’rinda turadi va iqtisodiyoti asosan shu mahsulotga bog’liq.

"Yonilg’ining turli manbalaridan foydalanish imkoniyati bo’lsa, iqtisodiyot rivojlanishda davom etadi. Yonilg’i narxining o’sishi yalpi ichki mahsulotga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Jahon bozorida resurslar cheklangan, xaridorlar esa ko’p. Shu sabab narxlar ko’tarilmoqda. Bu AQSh iqtisodiyotining o’sishiga to’sqinlik qilmoqda."

Bu omillarning AQSh va jahon iqtisodiyotiga tahdidi qay darajada? Chunki neft ishlab chiqarayotgan ayrim davlatlardagi siyosiy vaziyat beqaror.

Jeyms Robbinsning aytishicha, beqarorlik narxlarning qimmatlashishiga olib kelayotgan omillardan.

"Yaqin Sharqda shunday davlatlar borki, narxlarning balandligidan qo’shimcha daromad ko’rib, pulni AQShga qarshi mafkuralarga sarflaydi. Terrorizmini qo’llab-quvvatlaydi. Bu esa AQSh va jahon tinchligiga rahna solmoqda."

Bunday davlatlarni sanksiya va boshqa diplomatik choralar bilan jazolash ish bermayapti. AQShlik mutaxassis fikricha yonilg’iga zor mamlakatlar Eron, Sudan va Birma kabi gaz va neft eksport qiluvchi davlatlardagi inson huquqlari buzilishlariga ko’z yumadi. Ulardan biri Xitoy.

"Xitoyning rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun yonilg’i juda zarur. Ularning inson huquqlari bilan ishi yo’q. Beqaror davlatlar bilan bu sohada hamkorlik qilish uzoq muddatda foyda keltirmaydi. Ammo Xitoyni bu hol tashvishlantirmaydi chamasi," deydi Robbins.

Beqaror davlatlarga sarmoya qilish jahondagi beqarorlikni yanada kuchaytiradi. AQSh buning oldini olishga harakat qilmoqda, deydi yana bir siyosatshunos, Kaliforniya universiteti professori Maykl Ross.

"Qo’shma Shtatlar Xitoy hukumatiga inson huquqlariga ko’proq e’tibor qaratish kerakligi haqida gapirib keladi. Xitoy hukumati AQSh talablariga quloq solayotganday bo’lyapti. Bundan tashqari AQSh yonilg’ini tejaydigan texnologiyalarni rivojlantirish bobida Xitoy bilan hamkorlik qilyapti. Agar Xitoyning yonilg’iga tobeligi kamaysa, inson huquqlarini buzayotgan davlatlardan gaz va neftni sotib olish ham kamayadi."

Yonilg’ining qimmatlashishi nafaqat uni sotib olayotgan, balki uni sotayotgan davlatlarga ham ta’sir qilmoqda.

Vashington universiteti professori Jeyms Robbinning aytishicha, Rossiya buning natijasida jahondagi mavqeini tiklamoqda.

"Eron daromadining katta qismini mudofaaga sarflamoqda. Venesuela esa ijtimoiy dasturlarga. Buning oqibatida Venesuelada boshqa sohalar rivojlanmay qolishi mumkin," deydi u.

AQSh iqtisodiyotining xorijiy yonilg’iga tobeligi Oq Uy ma’muriyatining inson huquqlari va demokratizatsiya bobidagi harakatlarini cheklab qo’ymoqda.
XS
SM
MD
LG