O’zbekistonda jurnalistlarga qarshi kampaniya davom etmoqda


Yaqinda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Qozog`istonda o`tgan forumida jurnalistlar erkinligini himoyalashga qaratilgan deklaratsiya qabul qilingan edi.

Mazkur deklaratsiyada ta`kidlanishicha, “Assambleya barcha ishtirokchi davlatlarni jurnalistlarning qasos olish yoki repressiyaga uchrash tahdididan qo’rqmasdan, o`z vazifalarini bajarishi uchun imkoniyat yaratib berishga chaqiradi. Assambleya jurnalistlarning surishtiruv o`tkazish huquqini, har qanday harakatlar, shuningdek, davlat organlari tomonidan yo`l qo`yilgan suiste’molliklar haqida ham yozish huquqlarini e`tirof etadi”.

Sharhlovchilar qoraqalpog'istonlik jurnalist Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishini mustaqil kasbiy faoliyat uchun qasos, repressiya tahdidi sifatida baholamoqda.

Avval “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiosi bilan hamkorlik qilgan Solijon Abdurahmonov Qoraqalpog`istondan turib “Uznews.net” axborot agentligiga muxbirlik qilayotgan edi.

Uning ukasi va advokati Bahrom Abdurahmonovning aytishicha, jurnalistning soxta ayblar bilan hibsga olinishi shu faoliyat bilan bog`liq. Tergov jarayonida hibsga olishga asos bergan giyohvand moddalar tilga olinmagan. Jurnalistdan musodara qilingan materiallar o`rganilmoqda.

“Hozir audiomateriallarni eshitish jarayoni ketayapti. Narkotik modda faqat materiallarni qo`lga kiritish uchun xizmat qilgan. Ular davlatga qarshi jinoyatlar bor-yo’qligini aniqlashga harakat qilmoqda. Hammasini bitta “delo” qilib tikkach, keyinchalik tegishli joyga yuborishsa kerak”, - deydi Abdurahmonov.

Uning aytishicha, jurnalist davlatga qarshi jinoyatda ayblanishi mumkin.

Mustaqil jurnalistlarga qarshi kurash mamlakatda davlat targ`iboti darajasiga ko`tarilmoqda.

Viloyat televideniyelari “Ozodlik” radiosi jurnalistlariga qarshi ishlangan ko`rsatuvni bir necha bor namoyish etgan. Yaqinda bu ko`rsatuv respublika bo`ylab ham namoyish qilindi.

Ko`rsatuv jamoatchilik orasida ham muhokama qilinmoqda.

“Biz keyinchalik bu haqda surishtirdik. Ko'rsatuv boshida kimlar turganini, aniq aytish mumkinki, hukumat tomonidan “Ozodlik” dagi jurnalistlarni badnom qilish uchun maxsus uyushtirilgan zarba”, - deydi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.

Ko`rsatuv “Ozodlik” radiosida ishlovchi o'zbek jurnalistlarining faoliyatini qoralaydi va ularning oilalari haqida ham ma'lumotlar beradi.

Abdurahmon Tashanov fikricha hukumatning o'zi jurnalistlarga bevosita tazyiq ko'rsatmayotgan bo'lsa-da, boshqa turdagi bosimlar berilmoqda.

“Ularga jismonan tazyiq o`tkazish imkoniyati cheklangan. Ruhiy va ma'naviy bosimlar kuzatilmoqda. Umuman, so`z erkinligini qadrlaydigan axborot vositalariga nisbatan chiqishlar O`zbekistonda tabiiy bir hodisaga aylanmoqda”, - deydi Tashanov.

O'zbekistonda “Ozodlik” radiosining vakolatxonasi bir necha yil avval yopilgan.

XS
SM
MD
LG