Breaking News

AQSh-Hindiston yadroviy hamkorlik bitimi hali-beri kuchga kirmaydi


Vashington va Dehli yadroviy hamkorlik bo’yicha kelishuvni ishga tushirishga so’z bermoqda. Biroq hujjat hali tasdiqlanmagan.

Rejadagi bitimga ko’ra AQSh Hindistonga ilg’or yadroviy texnologiyalar yetkazadi. Hindiston esa xalqaro inspektorlar tekshiruviga ruxsat beradi.

Hindistondagi muxolifatchi partiyalar AQSh bilan yadroviy hamkorlikka bir necha oydan beri to’sqinlik qilib kelayotgan edi. Mamlakat Bosh vaziri Manmoxan Singx bitim tasdiqdan o’tadi deb va’da bermoqda.

Oq uy rasmiylarining aytishicha, AQSh Kongressida ham bu jarayon uzoqqa cho’ziladi. Bundan tashqari, AQSh-Hindiston orasidagi yadroviy hamkorlik to’g’risidagi kelishuvni BMT Atom Boshqarmasi ko’rib chiqishi kerak.

“AQSh-Hindiston orasidagi kelishuv qurollarni tarqatmaslik tartibini kuchaytiradi va energetika ehtiyojlarini qondiradi”, - deydi Davlat departamenti vakili Shon Makkormak.

Biroq bitim muhokamasi AQShda yaqinlashayotgan saylovlar hamda demokrat va respublikachilar orasida ziddiyatlar kuchaygan bir mahalga to’g’ri kelmoqda. Shu bois kelishuv masalasi yangi prezident zimmasiga tushadi.

Ba’zilar nazarida, Kongress vaqtni boy bersa Hindiston yadroviy texnologiyalar bobida boshqa davlatlarga murojaat qilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG