O'zbekistonda nohukumat tashkilotlar soni keskin kamaygan


O'zbekiston Oliy Majlisi qonunchilik palatasi va Senat kengashi yaqinda nohukumat tashkilotlar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qo'shma qaror qabul qildi.

Qaror "Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida" deb nomlangan.

Sharhlovchilar bu qarorning fuqaro jamiyatini shakllantirishga xizmat qilishiga shubha bilan qaraydi.

Oliy Majlis qarori nohukumat tashkilotlar faoliyatini rivojlantirish uchun jamg'arma tuzish, u orqali tashkilotlarni moliyalash, ularga ijtimoiy buyurtmalar berish hamda bu jarayonni nazorat qiluvchi parlament komissiyasi tuzishni maqsad qiladi. Komissiyaga vazirliklar xodimlari, deputatlar va jamoatchilik vakillari kiradi.

Sharhlovchilar fikricha mazkur qaror nohukumat tashkilotlar faoliyati mutlaq davlat nazorati ostida qolayotganidan darak beradi. Vazirliklar, deputatlar va hukumatga yoqqan jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya ishidan fuqaro jamiyatini shakllantiruvchi harakatlar kutish qiyin.

Fuqaro jamiyati vakillariga ko'ra O'zbekistonda yuzlab nohukumat tashkilotlar yopilgan. Jamiyatga emas, ko'proq hukumatga xizmat qiluvchi tashkilotlar qolgan.

Huquq faoli Surat Ikromovning aytishicha Oliy Majlis qo'shma qarori shunchaki navbatdagi rasmiyatchilik, xolos.

"Qanday qilib qaror chiqaraverish mumkin? Qonunni o'zi ishlamasa, inson huquqlari poymol qilinayotgan bo'lsa, rahbarlar xalq hisobiga maosh olib yaxshi sharoitda yashasa, lekin xalq uchun hech narsa qilmasa, buni qanday tushunish mumkin? Men O'zbekistonda biror o'zgarish bo'lishiga ishonmayman", - deydi Ikromov.

Yoshlar faoliyati bilan shug'ullanuvchi "Faol" nodavlat tashkiloti rahbari Qobil Xidirov Oliy Majlis qarori haqida shularni gapiradi:

"Menga yoqqan tomoni shuki, davlat grant bergan paytda yilni oxirida qolgan mablag'ni qaytarib topshirish lozim edi. Yangi qarorga ko'ra bu mablag' tashkilot hisobida keyingi yilda ham qoldirilishi mumkin. Parlament komissiyasi tarkibida deputatlar, jamoatchilik vakillari ham bo'ladi, shuning uchun buyruqboz bir idoraga aylanmasa kerak", - deydi Xidirov.

Bir necha yil burun mamlakatdagi ko'plab nohukumat tashkilotlar, ayniqsa so'z erkinligini himoyalovchi, mustaqil jurnalistlarni biriktiruvchi, inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi guruhlar tugatilgan edi.

Keyinchalik nohukumat tashkilotlar milliy uyushmasi tashkil etildi. Biroq sharhlovchilar uyushmani hukumat xizmatidagi idora sifatida ko'radi. Uyushmaga ko'ra mazkur qaror yuzasidan munosabat olish uchun yozma ravishda murojaat qilish lozim.

Hozirgi kunda uyushma yuzdan oshiq nohukumat tashkilotlarni o'z ichiga oladi, davlat idoralari yordamida ular faoliyati uchun grantlar taqdim etadi.

Ammo ayrimlar jamiyatdagi og'ir muammolarni hal qilish uchun yordam olish ham tanish-bilishchilikka borib taqaladi deydi.

"Ko'zi ojizlar bilan ishlash juda og'ir. Ular juda kechikib maktabga borishadi. Har doim so'roqlab turgan bolalar bor. Bir ko'zi ojiz yigitimiz kompyuter o'qitadi. Bolalarni o'qitishga imkoniyat bo'lmagach, uning ham ishi to'xtab turibdi. Ko'zi ojizlarni o'zlari tashabbus bilan kelishyapti. Ularni qo'llab-quvvatlash kerak, lekin moddiy tomondan yordam yo'qligi uchun to'xtab qolgandaymiz. Bir nechta tashkilotlarga loyiha topshirdik, lekin natijasiz. To'g'risini aytsam, bizda grant olish uchun tanish-bilish bo'lishi kerak. Shundaylar olyapti, bu hech kimga sir emas", - deydi nogiron bolalar reabilitatsiyasi bilan shug'ullanuvchi tashkilot vakili.

Sharhlovchilar nazarida fuqaro jamiyatini shakllantirishda muhim vosita – so'z va matbuot erkinligi ta'minlanmas ekan, qaror va farmonlar bilan vaziyatni o'zgartirib bo'lmaydi. Bundan qaror chiqaruvchi organlarning o'zlari ham yaxshi xabardor.
XS
SM
MD
LG