Nursulton Nazarboyev Nobel mukofotiga ko'rsatilmoqda


AQSh Kongressining ikki a’zosi Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyevni tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzod deb ko’rsatmoqda.

Ular fikricha Nazarboyev mustaqillikning ilk yillarida Sovet Ittifoqidan meros bo’lib qolgan yadroviy qurol va materiallardan voz kechgani va ulardan qutulish uchun qayg’urgani bois ham bu unvonga loyiq.

Qozog'iston prezidentini Nobel mukofotiga nomzod deb ko'rsatish tashabbusini respublikachi kongressmen Darrel Aysa va demokrat Charlz Melanson olg'a suryapti.

Qozog'iston o'z vaqtida yadroviy qurol zaxiralari bo'yicha dunyoda to'rtinchi o'rinda turgan. Semipalatinsk poligonida 1949-1991 yillar oralig'ida 450 dan ziyod yadroviy bomba sinalgan. "Nursulton Nazarboyev", - deydi amerikalik qonunchilar, "bu poligonni yopgani va dunyo xavfsizligiga qo'shgan muhim hissasi uchun mukofotga loyiq".

Biroq Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universitetida osiyoshunos olim Pyotr Zalmayev buni "bema'ni tashabbus" deydi. Uning aytishicha Nazarboyev hukumati muxolif partiyalar va mustaqil axborot vositalariga yo'l bermay kelmoqda. Mamlakatdagi inson huquqlari ahvoli AQSh Davlat departamenti hisobotlarida salbiy baholangan.

Tahlilchi Richard Vaytz fikricha Qozog'iston demokratiya bobida G'arb davlatlari kutganidek qadam tashlamayotgan bo'lsa-da, mintaqada hamon yetakchi.

Mamlakat 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qiladi. Bunga erishish uchun, saylov jarayonini erkinlashtirishga va fuqaro huquqlarini ta'minlashga va'da bergan.

Lekin Nazarboyevni tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq ko'rayotgan amerikalik qonunchilar – Darrel Aysa va Charlz Melanson – gap Qozog'istondagi huquq ahvoli yoki uni xaspo'shlab ko'rsatishda emas deydi. Ularning aytishicha tashabbus faqatgina Qozog'iston rahbarining yadro qurollarini tarqatmaslik borasidagi harakatlarini e'tirof etish demakdir.

Kongressmen Darrel Aysa Qozog'istonga ikki marta safar qilib, savdo aloqalarini kengaytirish yuzasidan muloqot qilgan. Kongressmen Charlz Melanson o'z shtati Luizianadagi gaz va neft kompaniyalari uchun Qozog'istonda imkoniyatlar yaratishga urinib keladi.

Vashingtondagi Jorjtaun Universiteti professori Shon Roberts izohicha Nazarboyevning mintaqadagi boshqa rahbarlar kabi hokimiyatdan tushgisi yo'q ekan, hozircha Nobel mukofotiga loyiq nomzod emas.

XS
SM
MD
LG