Obama: Afg'oniston - terrorga qarshi urushning asosiy fronti


Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Barak Obama Afg'onistonda jangarilarga qarshi kurash bo'yicha yangi strategiya taklif qilmoqda. "Nyu-York Tayms" gazetasi Obamaning bu boradagi maqolasini chop etgan. Unga ko'ra, Afg'onistonga qo'shimcha 10 ming sonli askarni safarbar etib, asosiy diqqatni Iroqqa emas, Afg'onistonda Tolibonning kuchayishiga qaratish kerak.

Obamaga ko'ra, agar u prezident bo'lsa, Afg'onistonda yangi strategiyani ishga soladi. Qo'shimcha vertolyotlar yuboradi, razvedka ishini puxtalashtiradi, nimaiki kamchilik bo'lsa, diqqatni Afg'onistonda terrorga qarshi kurashga qaratadi. Bunga esa, deydi Obama, Iroqdagi urush to'sqinlik qilmoqda.

"Nyu-York Tayms"dagi maqolaga ko'ra, Obama yoz tugamasidan oldin bir necha qonunchilar bilan Iroqqa borishni niyat qilgan. Maqsad - Iroqdagi vaziyatni chuqurroq o'rganish.

AQShdagi saylov jarayonida Iroq va Afg'oniston mavzulari diqqat markazda ekan, respublikachilar Obama u yerdagi ahvoldan bexabar deya uni bu masalada malakasiz qilib ko'rsatishga harakat qilmoqda. Obama Iroqda bir marotaba bo'lgan bo'lsa, uning raqibi Jon Makkeyn sakkiz marta safar qilgan.

Obama Iroq urushi xato bo'lgan, AQShni al-Qoida va Tolibonga qarshi kurashdan chalg'itgan, agar prezident bo'lsam, Iroqdagi urushga barham berib, diqqatni Afg'onistonga qarataman, deb yozadi.

Iroq urushi AQShga qimmatga tushmoqda, rasmiy Bag'dod esa haligacha o'z xarajatlarini qoplamayapti, neft sanoati mo'maygina daromad keltirayotganiga qaramay.

Obama AQSh qo'shinlarini Iroqdan tez chiqarmayman deydi. Uning fikricha, bu 16 oy davomida amalga oshirilishi kerak. Ya'ni 2010 yil yozigacha. Iroq hech qachon terrorga qarshi urushning asosiy fronti bo'lmagan, deb yozadi demokratlardan prezidentlikka nomzod.

XS
SM
MD
LG