Bush diniy erkinlikni targ'ib qilmoqda


Prezident Jorj Bush dunyo rahbarlari bilan uchrashuvlarida diniy erkinlik mavzulariga hamisha urg'u berishini aytmoqda. Uning fikricha dunyo bo'ylab ko'plab odamlar o'z e'tiqodiga sig'inishdan mahrum. Bush bu haqda jahon bo'ylab diniy erkinlikni targ'ib qiluvchi qonunning AQSh da qabul qilinganiga 10 yil to'lishi munosabati bilan gapirgan.

"Ba'zi davlatlar bu borada islohot qilmoqda. Boshqalari esa yo'q. Demak, mazkur yo'nalishdagi ishimizni davom ettiramiz," deydi Bush.

Islohotlarga qo'l urmagan davlatlar qatorida Bush Eron, Eritreya, Sudan, Shimoliy Koreya, Birma, O'zbekiston, Saudiya Arabistoni va Xitoyni tilga oldi.

Xitoy rahbari bilan har bir uchrashuvda diniy erkinlik masalasi ko'tariladi, deydi Bush. AQSh prezidenti kelasi oy Pekinda Yozgi Olimpiya o'yinlari ochilishiga borishni rejalar ekan, Xu Sintao bilan bu mavzuda yana muloqot qilishini aytadi.

"Davlat rahbarlari bilan qayerda va qachon uchrashmay ularga dindan cho'chimaslikni bot-bot tayinlayman," deydi Bush.

Xalqaro diniy erkinlik haqidagi qonun 1998 yili qabul qilingan. Jahon bo'ylab bu boradagi vaziyatni o'rganib, tahlil qilish maqsadida Kongress maxsus davlat komissiyasini tashkil etgan. Komissiya har yili diniy erkinlik mavzusida hisobot chiqaradi. Diniy erkinlik masalalari bo'yicha elchi lavozimi joriy etilgan. Qonun doirasida AQSh hukumati fuqarolarining e'tiqod erkinligini bo'g'ayotgan davlatlarga sanksiya qo'yishi mumkin.

XS
SM
MD
LG