Breaking News

Fransiya O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarini tiklamoqchi


1 iyuldan boshlab Yevropa Ittifoqiga raislik qila boshlagan Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasi tashkilotning mintaqa va O'zbekiston bilan munosabatlari yaqin kelajakda ancha mustahkamlanadi deya ishonch bildirmoqda.

O'zbekistonda Yevropa Ittifoqi diplomatlari bilan qator uchrashuvlar o'tishi kutilmoqda.

Fransiyaning O`zbekistondagi elchisi Xyug Perne (Hugues Pernet) deydiki, respublika bilan munosabatlarda inson huquqlari va demokratiya masalasi kun tartibida qoladi.

Oktabr oyida Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga nisbatan amaldagi sanksiyani qayta ko'rib chiqadi.

Fransiya elchisi Yevropani mintaqaga tortayotgan sabablardan biri bu energetik zaxiralar ekanini tan oladi. "O'zbekiston bilan hamkorlik asosida esa",- deydi u, "mintaqaviy xavfsizlik yotadi".

Germaniya ittifoqqa raislik paytida O'zbekistondagi inson huquqlari ahvoliga ko'z yumganlikda tanqid ostiga olingan edi.

Fransiyaning Toshkentdagi bosh diplomati "bizning raisligimizni yil oxirida baholang", - demoqda. Nikolya Sarkozi ma'muriyati ittifoqni kelasi olti oy davomida boshqaradi.

Fransiya elchisiga ko`ra Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston hamkorligida so'z erkinligiga bag'ishlangan anjuman o'tkazish rejalangan. Lekin uningh qayerda va qachon o'tishi noma'lum.

26-29 iyul kunlari Yevropa Ittifoqi diplomatlari O`zbekistondagi vaziyat bilan tanishadi. Shu kunlari Toshkentda ittifoqning mintaqadagi elchilari yig'iladi. Fransiyaning Yevropa masalalari bo'yicha davlat kotibi Jan –Pier Juy ham O'zbekistonga tashrif buyurib, rahbariyat bilan so'zlashadi.

Elchi Xyug Perne respublikada bir necha huquq faollari qamoqdan ozod etilganini mamnuniyat bilan ta'kidlaydi. Sharhlovchilar nazarida esa vaziyat o'zgarmagan va faollarni hibsga olish davom etmoqda.

Yevropa Ittifoqi mintaqa bilan qanday aloqa qilish haqida yangi strategiya qabul qilgan. Unda Markaziy Osiyoga iqtisodiy yordam ko'rsatish nazarda tutiladi. Jami 700 million yevro miqdorida.

Ittifoq O'zbekistonga ta'lim sohasini rivojlantirishda ham yordam taklif qilmoqda.

Joriy yil ittifoq Toshkentda o'z vakolatxonasini ochishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG