AQSh Rossiyadan mulohaza bilan, oqilona ish yuritishni so'ramoqda


Qo’shma Shtatlar Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi o’rnatish harakatida ekan, Rossiya buni keskin tanqid ostiga olmoqda.

Prezident Dmitriy Medvedev ta’biricha, bu reja Yevropa xavfsizligiga putur yetkazishi va Kreml javob tariqasida harbiy chora qo’llashi mumkin.

AQSh Rossiyadan mulohaza bilan, oqilona ish yuritishni so’ramoqda.

Xavotirlar o’rinsiz va tizim Rossiyaga tahdid solmaydi deydi AQSh Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Genri Obering.

General leytenant Genri Obering fikricha Rossiyaning agressiv bayonotlari mutlaqo asossiz va Kremldan izoh talab qilish fursati yetgan.

Qo’shma Shtatlar Polshada raketani urib tushirishga qodir qurilma o’rnatmoqchi. Maqsad Eronning ehtimoliy hujumidan, o’rta va uzoq masofaga ucha oladigan raketalaridan himoyalanish.

AQSh razvedka xizmati ta’biricha, Eron Isroil va hatto Yevropani nishonga oluvchi raketalarga ega. O’tgan hafta Tehron ana shunday qurollarini sinab ko’rdi.

Taxminlarga ko’ra, 2015 yilga borib, Eron Qo’shma Shtatlarga zarba bera oladigan raketaga ega bo’ladi.

AQSh esa mana shu raketalarni metal snaryad bilan urib tushirmoqchi.

"Bu snaryad portlamaydi, birovga hujum qilish salohiyatiga ega emas”,- deydi general Obering, Rossiyaning xavotirlariga ishora qilib.

O’tgan hafta AQSh va Chexiya Respublikasi radar tizimi o’rnatishga kelishib olgach, Rossiya darhol e’tiroz bildirgan. Bitim imzolansa, deydi Kreml rasmiylari, Rossiya harbiy-texnologik chora ko’radi.

Eron bundanda uzoqqa ucha oladigan raketani sinovdan o’tkazgan taqdirdagina Yevropadagi mudofaa tizimi ishga tushiriladi deydi general.

Rossiya bu tizimni muntazam kuzatib borishga haqli deydi u.

Polshada o’rnatilishi rejalangan qurilma raketani urib tushiradi.

Rasmiy Varshava bilan muzokaralar davom etayapti. Muloqot samara bermasa, AQSh Litvaga murojaat qilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG