Demokratiya - qator muammolarga javob


Amerikalik tadqiqotchi Frensis Mur Lapey(Frances Moore Lappé) dunyodagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga bag’ishlangan yangi kitobini chop etdi. Unda aytilishicha, jahondagi ko’plab muammolarni demokratik taraqqiyot orqalihal qilish mumkin.

Aksariyat mutaxassislar nazarida resurslar kamomadi dunyodagi ko’p muammolarga sabab. Ammo yozuvchi Frensis Mur Lapey bunga qo’shilmaydi. Uning aytishicha, ocharchilik, qashshoqlik, atrof-muhitning zararlanishi va siyosiy korrupsiya negizida odamlarning mas’uliyat va javobgarlikdan qochishi yotibdi.

"Gap shunchaki saylovlarni o’tkazish, ko’p partiyaviy tizimga yoki bozor iqtisodiyotiga ega bo’lishdamas. Bu bilan demokratiya paydo bo’lib qolmaydi. Demokratiya bu o’z taqdirini, kelajagini belgilaydigan odamlar ovozi," deydi yozuvchi.
”Telba dunyoda aniqlik, ijodkorlik va mardlik” deb nomlangan kitobida (Getting a Grip: Clarity, Creativity and Courage in a World Gone Mad) Lapey ko’p muammolarga demokratiya javob deydi.

"Demokratiya deganda faqatgina bizdan ko’p narsani talab qilmaydigan va meros bo’lib qoladigan tizimni tushunish kerakmas. Buning o’zi kifoya qilmaydi," deydi olima.

Lapey kitobida demokratiyaning haqiqiy ma’nosini ochib berishga harakat qiladi. Unda demokratiyaning 10 san’ati degan tushunchalar haqida gap ketadi. Ya’ni quloq solish, muzokara qilish, siyosiy tasavvurga ega bo’lish, xulosa chiqarish va bilim berish kabilar.

"Demokratiya turlicha fikrlovchi jamiyatda murosa qilishni taqozo etadi. Agar fikrlar xilma-xilligi inkor etilsa, bu totalitarizmga olib keladi. Mojaroni doim ham salbiy qabul qilish kerak emas. Haqiqiy demokratik jarayonda mojaro fikrlar xilma-xilligidan dalolatdir. Fikrlar hazm qilinsa, muammolarga yechim topish osonlashadi," deydi Lapey.

Uning aytishicha, har bir jamiyat o’z fuqarolariga ana shu demokratiya san’atidan saboq berishi kerak. Lapey rahbarligidagi Kichik sayyora instituti ana shu tamoyillarni tatbiq etishni o’ziga maqsad qilgan.

"AQShdagi minglab maktablarda yoshlarga vositachilik sirlarini o’rgatyapmiz. Agar ular o’z tengdoshlari bilan til topishishni o’rgansa, muammoni hal qilish uchun maktab ma’muriyatiga hadeb chopavermaydilar. Muzokara qilish va vositachilikni erta yoshdan o’rgata boshlash kerak."

Frensis Mur Lapey fikricha, odamlarning jamiyatda faol bo’lishi uchun sharoit yaratish lozim.

"Buning uchun odamlar o’z fikrlari boshqalar uchun muhimligini, inobatga olinishini his qilishi kerak. Buni nafaqat menikiga o’xshash kichik tashkilotlar doirasida balki hukumatlar va BMT singari yirik tashkilotlar darajasida ham qilish mumkin."

Tadqiqotchi Hindistonning Kerala shtatini misol tariqasida keltiradi.

"Aholi o’ta faol bo’lgani uchun qisqa vaqt ichida savodsizlik va go’daklar orasida o’lim hollarini qisqartirishga muvaffaq bo’lindi. Odamlar faol bo’lib qo’shnilarini savodga o’rgatishdi, ayollar va bolalar salomatligi haqida axborot ulashishdi. Skandinav davlatlarida ham aholining faolligi tufayli turmush darajasi yuqori."

Mana bu – haqiqiy demokratiya. U faqatgina saylovda ovoz berishdan iborat emas, deydi Lapey.

XS
SM
MD
LG