Breaking News

Prezidentlikka da'vogarlar xorij safarlariga e'tibor qaratmoqda


Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Barak Obama xorijiy safarga chiqmoqda. Tez kunda Obama Yevropa, Isroil, G'arbiy Sohil, Iroq va Afg'onistonda bo'ladi. Respublikachilar nomzodi Jon Makkeyn esa yaqinda Kolumbiya va Meksikadan qaytib keldi. Tahlilchilar nazarida da'vogarlar xorijga chiqib AQShning jahondagi o'bro'sini tiklashga harakat qilmoqda.

24 iyul kuni Barak Obama Germaniyada bo'ladi va Berlinda omma oldida nutq so'zlaydi. Kuzatuvchilar fikricha uning xorijiy safarlari saylov kampaniyasining bir qismi bo'lib, matbuotda ularga jiddiy e'tibor qaratiladi.

Ammo, deydi Demokratik partiya vakili Tad Divayn, xorijdagi kampaniya AQSh ichidagi kampaniyachalik samarali emas.

"Saylovchilarning barchasi ham da'vogarlarning xorijiy safaridan boxabar bo'lmasligi mumkin. Chetda o'tkazilgan har bir kun saylovchi bilan aloqaning kamayishiga olib keladi."

Ammo boshqa tahlilchilar nazarida xorijiy safarlar ham saylovchilar ovozini olishda muhim rol o'ynashi mumkin.

Meksika va Kolumbiyaga safari chog'ida Jon Makkeyn erkin savdo va qoradoriga qarshi kurashni muhokama qilgan. Prezidentlikka nomzod bo'lmasidan oldin bir necha marta Iroq va Afg'onistonda bo'lgan. Obama ham kelasi hafta o'sha yerga va Yaqin Sharqqa boradi.

Vashingtondagi Brukingz Instituti tahlilchisi Stiven Gessning aytishicha, Obama uchun bu safar muhim ahamiyat kasb etadi, chunki u ko'p joylarda bo'lmagan.

Xorijda ko'p marotaba bo'lgan Makkeyn esa bundan o'z manfaatida foydalanmoqchi, deydi Gess.

"Makkeyn o'zini tashqi siyosatda bilimli va tajribali qilib ko'rsatishga harakat qilyapti."

Poytaxtdagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi xodimi Rik Bartonning aytishicha, xorijiy safarlar nafaqat da'vogarlar uchun, balki amerikaliklar uchun ham muhim.

"Mafkuraviy qarashlaridan qat'iy nazar saylovchilar AQShning xalqaro sahnadagi obro'si yaxshi bo'lishini istaydi. Albatta, bizni xorijda hamisha sevishlarini istamaymiz, ammo hurmat qilishlarini va bizga muhim hamkor sifatida qarashlarini xohlaymiz," deydi Barton.

Mutaxassislar fikricha, AQSh tarixida prezidentlikka nomzodlar saylov kampaniyasi davrida xorijiy safarlarga urg'u bermagan, ammo Obama va Makkeynning safarlari saylov kampaniyalariga foyda keltira olsa, bo'lg'usida nomzodlar bu amaliyotni qo'llay boshlaydi.

XS
SM
MD
LG