Eron yadro dasturi bo'yicha muzokara muvaffaqiyatiga ishonadi


Ertaga Jenevada Eron yadro dasturiga doir anjuman ish boshlaydi. Unda AQSh ham ishtirok etishga qaror qilgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri Monuchehr Mo’ttaki bu qarordan mamnun ekanini aytmoqda.

Rasmiy Tehron muzokaralar muvaffaqiyatli o’tishiga umidvor deydi Mo’ttaki.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays ta’biricha, xalqaro hamjamiyat Eron bilan murosa qilish tarafdori va Qo’shma Shtatlar bu tashabbusni har jihatdan qo’llab-quvvatlaydi.

Eron uranni boyitishni to’xtatsa, shunga yarasha taqdirlanadi.

Bu – g’oyat jiddiy taklif ekanini isbotlash uchun Qo’shma Shtatlar Jenevaga o’z vakili -- Davlat kotibi muovini Vilyam Bernsni jo’natmoqda. Ba’zilar buni AQSh siyosatidagi tub burilish deya ta’riflaydi.

Umuman, Jenevadagi muzokarada g’oyat salmoqli arboblar qatnashmoqda - Yevropa Ittifoqining Tashqi siyosat bo’yicha vaziri Xavyer Solana, BMT Xavfsizlik Kengashining 5 doimiy a’zosi va Germaniya diplomatlari.

Joriy yilning iyunida BMT Xavfsizlik Kengashi imtiyoz va kafolatlar bitilgan hujjatni Eronga taqdim etgan edi. Eron vakili Said Jaliliy ertaga ana shu taklifga javob beradi.

Davlat Kotibasi Kondoliza Rays fikricha, Eronga noyob imkoniyat berilmoqda. Tehron dunyo davlatlari davrasiga qaytishi mumkin, lekin avval shartni bajarishi lozim deydi Rays.

BMT Xavfsizlik Kengashi taklifi doirasida Eron tinch maqsadda yadro texnologiyasi va yonilg’i ustida ishlash huquqini qo’lga kiritib, siyosiy imtiyozlar bilan siylanadi.

Ammo Eron ta’kidiga ko’ra, amaldagi dastur ham tinch maqsadda amalga oshirilmoqda. Uranni boyitishga haqlimiz deydi Eron rasmiylari.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Tehronda diplomatik idora ochishni rejalamoqda. Biroq Davlat Departamenti bu xabarni tasdiqlaganicha yo’q.

XS
SM
MD
LG