Eron yadro dasturini tugatish bo'yicha muzokara natijasiz tugadi


Eron yadro dasturini tugatish bo’yicha Jenevada o’tgan so’nggi muzokaralar natijasiz tugagan. Ilk bor yuqori lavozimli AQSh rasmiysi ishtirokida o’tgan bu yig’ilishda, Eronga bir qarorga kelish uchun ikki hafta muhlat berilgan.

AQSh rasmiylarining aytishicha Tehron rahbarlari ikki yo’ldan birini tanlashi lozim – hamkorlik yoki qarama-qarshilik.

Yadroviy tadqiqotlarni to’xtatish uchun G’arb davlatlari Eronga katta iqtisodiy va diplomatik yordam hamda imtiyozlar taklif qilgan. Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vaziri Xavier Solananing bildirishicha Tehron bu taklifga aniq javob berganicha yo’q.

Muzokara natija berishiga katta umidlar bog’langan edi - unda ilk bor Qo’shma Shtatlar rasmiysi, davlat kotibi muovini Villiam Berns ham ishtirok etgan.

Tahlilchilar buni siyosiy burilish deb ta’riflamoqda, chunki avval Bush ma’muriyati Eron uranni boyitishni to’xtatsagina yuzma-yuz gaplashamiz deb kelar edi.

Yig’ilish natija bermagan bo’lsa-da, Xavier Solana bu safar Eron bilan gaplashayotgan barcha davlatlar vakillari muzokara stoliga o’tirganini alohida qayd etgan.

Ishtirokchilar – Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Qo’shma Shtatlar.

Eronga hozirgacha 3 marotaba sanksiya qo’yilgan. BMT Xavfsizlik Kengashi to’rtinchisini muhokama qilishga kirishmoqda. Qator davlatlar Eronni yadro quroliga egalik qilishga urinayotganlikda aylblaydi.

XS
SM
MD
LG