Markaziy Osiyo: Suv taqsimoti bo'yicha kelishuvdan darak yo'q


Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida mintaqa suvidan foydalanish bilan bog'liq munozarani hal etish - dolzarb muammolardan biri. Qurg'oqchilik esa ziddiyatlarni yanada chuqurlashtirishi mumkin.

Keyingi paytda suv zaxiralariga bag'ishlangan mintaqaviy uchrashuvlar o'tkazilgan bo'lsa-da, bu yo'nalishdagi hamkorlik aniq ijobiy natija beryapti deb bo'lmaydi.

Mintaqada suvdan foydalanish bo'yicha xalqaro konsorsium tuzish anchadan buyon muhokamadagi masala. Qator xalqaro tashkilotlar va G'arb davlatlari yordam ko'rsatishga ham tayyor. Mintaqa davlatlarida sekinlik bilan bo'lsada muhokamalar kechayotgani seziladi.

Yaqinda Qozog'istonda suvdan foydalanish bo'yicha uchrashuv o'tgan. Avvalroq Qozog'iston va O'zbekiston prezidentlari uchrashuvida ham bu haqda gap borgan. Sharhlovchilarga masala yechimi bevosita mintaqa rahbarlarining siyosiy irodasiga bog'liq.

O'zbekiston Fanlar Akademiyasi olimi, professor Bekjon Toshmuhammedovning aytishicha, mintaqa suvi bilan bog'liq vaziyat dunyoning boshqa davlatlarida ham kuzatilgan. Kelishmovchiliklar xalqaro bitimlar yordamida hal qilingan.

"Asosiy muammo mintaqagi suv irmoqlaridan qanday foydalanish kerakligida - energetik rejimdami yoki irrigatsiya tizimidami? Bu borada davlatlarning o'zaro kelishishi juda qiyin ekan, har holda umumiy konsensusga kelish ehtimoli yaqin", - deydi akademik.

Uningcha ayni paytda muammo olimlar yoki jamoatchilik ishtirokini emas, asosan davlat rahbarlarining siyosiy irodasini talab qiladi.

"Chegara daryolar haqidagi xalqaro bitimlarga ko'ra chegara daryolardan energetik maqsadda foydalanmoqchi bo'lgan tomon bu borada ikkinchi tomon bilan kelishuvga borishi kerak. Suvni sotish masalasida esa, deylik meni hovlimni oldidan ming yillardan buyon oqayotgan suvni qanday sotish mumkin, bu juda og'ir masala", - deydi akademik Toshmuhammedov.

Suvdan foydalanish masalasida kelishmovchiliklar davom etayotgani bois buning asorati mintaqa qishloq xo'jaligida sezilmoqda.

Qozog'iston-Qirg'iziston o'rtasida suv hajmini ko'paytirish to'g'risidagi kelishuv, suv Tojikiston va O'zbekiston orqali Qozog'istonga o'tishi tufayli ham to'liq amalga oshmagan.

Qozog'iston Qirg'izistondan nisbatan qimmatroq narxda elektroenergiya sotib ola boshlagach, Qirg'iziston tomoni Qozog'iston uchun suv hajmini ko'pytirishga rozilik bergan.

Mutaxassislar butun mintaqa suvga ehtiyoj sezayotgan bir paytda ikki tomonlama bunday kelishuvlar uzoqqa bormasligini ta'kidlashmoqda. Mintaqa suvining boshida joylashgan Qirg'iziston va Tojikiston suv uchun ma'lum imtiyozlar, haq talab qilayotgan bo'lsa, O'zbekiston va Qozog'istonning pozitsiyasi suv mintaqaning umumiy boyligi ekanidan iborat.

Hozirgacha davom etayotgan muhokamalar tomonlar pozitsiyasida biror o'zgarish borligini ko'rsatmaydi.

Sharhlovchilar fikricha mintaqa davlatlari o'rtasida kelishuv yo'qligi bois keyingi yillarda suvsizlik muammosi yanada keskinlashadi. "Ekosan" xalqaro jamg'armasi rahbari Yusuf Shodimetovga ko'ra muammo sababi ayrim hollarda kelishmovchiliklarda emas.

"Xalqaro suv energetik konsorsiumi bo'yicha hamkorlik bor, bu yerda ko'p kelishuvlar bo'lishi kerak. Ayrim vaqtda subyektiv holatlar bo'lishi mumkin, masalan qishda suvni qo'yib yuborish, yozda berkitib qo'yish - bular diplomatik yo'llar bilan hal qilinyapti. Lekin muammo bunda emas, muammo iqlim o'zgarishi va suv zaxirasi kamayishida", - deydi Shodimetov.

Akademik Bekjon Toshmuhammedovga ko'ra mintaqada davriy qirg'oqchilik hukm suryapti. Keyingi yillarda suv ko'payishi mumkin, biroq yechim katta mablag' talab qiladigan yangi texnoligiyalar qo'llanilishiga bog'liq.

Mutaxassislar suvdan foydalanish bo'yicha mutlaq yangi strategiya ishlab chiqish lozimligini ta'kidlashadi.
XS
SM
MD
LG