Nebraska Universiteti - ko'psonli afg'onlar uchun vatan


Afg'oniston Tolibonga qarshi kurashib, mamlakatni qayta oyoqqa turg'izishga intilar ekan, AQShdagi bir universitet bu yo'lda o'z hissasini qo'shishga muvaffaq bo'lmoqda.

1973 yilda, Tolibon va Afg'oniston kabi so'zlar jahon diqqati markaziga tushib ulgurmagan bir pallada, AQShning Nebraska Universitetida Afg'on Ta'lim Dasturi ish boshlagan edi.

AQShdagi Nebraska Universiteti ko'psonli afg'onlar uchun - ham ta'lim dargohi, ham haqiqiy vatanga aylangan.

Afg'on Ta'lim Dasturiga asos solingach, bir necha afg'on talabasi AQShga tashrif buyurgan edi. Nebraska shtati olimlari talabalar bilan muloqot qilib, Afg'oniston haqida tasavvurga ega bo'ldi.

Abdul Rahim Yosir ana shulardan biri. U mana 20 yildirki shtatning Omaxa shahrida yashaydi, afg'on bolalari uchun o'quv qo'llanmalari, ta'lim dasturlari ustida izlanadi. Nebraska Universiteti Afg'oniston haqida boy ilmiy tajriba va adabiyotga ega.

"Tolibon hokimiyati qulagach, biz 15 million nusxada darslik chop etdik. Birinchidan 12-sinfgacha. Barchasini Afg'onistonga jo'natdik", - deydi Yosir.

Nebraska Universitetida Afg'on Ta'lim Dasturini hayotga tadbiq etib, unga bosh-qosh bo'lib kelayotgan inson – Tomas Gotyer. U 1960-yillarda AQShning rivojlanayotgan davlatlarda ijtimoiy taraqqiyot yo'lida yordam ko'rsatuvchi dasturi - Tinchlik Korpusi uchun ishlagan. Afg'onistonga o'sha paytlarda oshiq bo'lganman deydi janob Gotyer.

U bugun Afg'onistondagi o'qituvchi kadrlar malakasini oshirish loyihasida qatnashmoqda. "Avvalgidan farqli ravishda bugun Afg'onistonga qo'ng'iroq qilib, u yerdagilar bilan bog'lana olamiz, elektron pochta, internet muhayyo."

Gotyer va uning hamkasblari Nebraska Universitetidan turib Afg'onistondagi loyihalarni boshqaradi.

"Afg'onistonda o'qitishning muayyan andozasini yaratishga harakat qilayapmiz. Har bir pedagog shu mezonlar asosida ish tutadi", - deydi u.

Gotyer Afg'onistonga har yili boradi, biroq Tolibon xavfi tufayli amerikalik studentlarni yuborish mushkul.

"Jangarilar Afg'oniston va Pokistonda erkin yuribdi. Tunda qishloqlarga kirib, har xil varaqalar tarqatadi. Qizingiz maktabga borsa, rafiqangiz xat-savodni o'qitsa yoki amerikaliklar bilan ishlasangiz, joningizdan umidingizni uzavering deb po'pisa qiladi".

Afg'oniston xalqining aksariyati AQShning sa'y-harakatlariga ishonadi, deydi Gotyer. Biroq 11 sentyabr xurujlarida aybdor terrochilar, jumladan Usama bin Laden hamon ozodlikda ekani odamlarni o'ylantirib qo'ymoqda.

Afg'on Ta'lim Dasturi insonlarning dili va xotirasida o'chmas iz qoldirgan.

"Hukumatlar keladi va ketadi, biroq insonlar, ular o'rtasidagi rishta abadiy qoladi. Bu dastur odamlarning, afg'onlar va amerikaliklarning hayotida tub o'zgarish yasamoqda," – deydi Gotyer.
XS
SM
MD
LG