Vashington Kosovo mustaqilligini qo'llab-quvvatlaydi


AQSh prezidenti Jorj Bush demokratik jamiyat qurishga intilayotgan Kosovo xalqini har jihatdan qo’llab-quvvatlaymiz demoqda. Bush Oq uyda Kosovo prezidenti Fatmir Seydiu va Bosh vazir Hoshim Tachini qabul qilgan.

“Qo’shma Shtatlar mustaqil Kosovo davlatini tan oladi va boshqa davlatlarni ham shu yo’ldan borishga da’vat etadi”, - deydi prezident Bush.

Serbiya va Rossiyaning qarshiligiga qaramasdan, Kosovo mustaqilligini hozirgacha 40 dan ortiq mamlakat, jumladan AQSh va Yevropa Ittifoqi tan olgan. Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida Kosovoning Serbiyadan ajralib chiqish qarorini qoralagan edi.

AQSh rahbari Kosovoning alban aholisini serblar huquqini himoya qilishga, etnik guruhlar-aro totuvlik va hamjihatlikka asoslangan jamiyat qurishga chaqirgan. “1999 yildan beri BMT va NATO kuchlari bajarib kelayotgan vazifalar, jumladan politsiya ustidan nazoratni Yevropa Ittifoqiga topshirish lozim”, - deydi Bush.

Kosovo Bosh vaziri Hoshim Tachining aytishicha uning hukumati inson huquqlarini ta’minlashga va qo’shnilar bilan aloqalarni mustahkamlashga bel bog’lagan. Kosovo, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo’lmoqchi.

XS
SM
MD
LG