Breaking News

Amerikaliklar orasida arab dunyosiga qiziqish ortmoqda


Yaqin Sharq masalalari AQSh tashqi siyosatining ajralmas bir qismi. Iroqda urush davom etar va Isroil-Falastin mojarosi hamon o’z yechimini kutar ekan, Amerika o’quv maskanlarida arab jamiyatlariga qiziqish tobora ortib bormoqda.

AMIDEAST nomli xususiy tashkilot amerikalik talabalarga bu davlatlarni o’rganish uchun yangi dasturlar taklif qilmoqda. Diqqat asosan madaniyat va turmush tarziga qaratilmoqda.

AMIDEAST tashkilotiga 1951 yilda asos solingan. Maqsadi AQSh va Yaqin Sharq orasida madaniy aloqalarni kuchaytirish. Xilma-xil dastur orqali Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika yoshlari ingliz tili kurslarini olib, AQShda o’qish uchun tayyorgarlikdan o’tadi.

Tashkilot hozirda yangi imkoniyatlar taklif qilmoqda. “Amerikalik talabalar uchun”, - deydi AMIDEAST xodimi va AQShning Siriyadagi sobiq elchisi Teodor Katuf.

“Yaqin Sharqda hozir 23 bo’limimiz bor. Amerikada Yaqin Sharqqa borib ta’lim olishni istayotgan talabalar soni ko’paygan. Bugunga kelib bir millionga yaqin”.

Yoshlar nafaqat arab tilini o’rganmoqda, balki madaniyat va tarixdan ham saboq olmoqda.

“Odamlar avvalo bir-birining madaniyati va turmush tarzini tushunishi kerak. Shundagina bir-birimizni yaxshiroq tushuna boshlaymiz. Xolisroq qarorlar qabul qilina boshladi”.

Amerikalik talabalar, hozirigi dasturlar asosida, arab oilalarida yashashi mumkin.

“Arab tili lahjalarga boy. Tilni o’rgatishda ana shu jihatlarga e’tibor beramiz. Siyosiy, diniy va ijtimoiy tarix va bugungi hayot haqida to’liq ma’lumot berishga harakat qilamiz”, - deydi dastur tashkilotchilaridan biri Jerri Bukin-Vayner.

Marokash, Tunis, Misr, Iordaniya va Quvaytda yangi almashinuv dasturlari yo’lga qo’yilmoqda.

Internet yangi tashabbuslarga turtki bermoqda. Arab mamlakatlariga safar qilish, u yerda bilim olish va do’stlar orttirish imkoniyatlari ham aynan Internet orqali keng targ’ib qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG