Tahlilchilar: Rasmiy Toshkent siyosiy burilishlar zaruratini anglamoqda


AQShning O’zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Richard Norland Toshkentda O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashdi.

Elchi O'zbekiston-AQSh munosabatlari rivojlanib borayotganini ta'kidlab, ikki tomonlama hamkorlik bundan keyin ham o'zaro manfaatdorlik asosida kechishiga ishonch bildirgan.

O`zbekiston televideniyesi “Axborot” dasturida ko`rsatilgan mazkur uchrashuvda tomonlar AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi munosabatlar rivojlanayotganini e`tirof etdi.

O`zbekiston prezidentining aytishicha, uchrashuv hamkorlik nuqtalari bo`yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat, elchi Richard Norland mamlakatdagi vaziyat bilan boshqa manbalarga tayanib emas, balki bevosita tanishgan.

O`zbekiston prezidenti AQSh bilan hamkorlik masalalari bo`yicha gapirayotib AQSh Davlat kotibi yordamchisi Richard Baucherning O`zbekistonga tashrifini, tashrif doirasida homkorlikning prinsipial yo`nalishlari muhokama qilinganini ta`kidlab o`tdi.

AQShning O`zbekistondagi elchisi Richard Norland mamlakatda 2007 yilning noyabrida ish boshlagan.

Sharhlovchilar fikriga kora, Richard Norland faoliyati mobaynida inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatning og’irligiga qaramasdan O`zbekiston hukumati bilan aloqalarni tiklashda ancha faollik ko`rsatgan.

AQShning Toshkentdagi elchixonasida bo`lib o`tgan matbuot anjumanida Richard Norland inson huquqlari masalasida hukumat bilan muloqot qilish, muzokaralar natijasida islohotlarga erishish mumkiligini ta`kidlab o`tgan edi.

AQSh va O`zbekiston aloqalari haqida gapirgan elchi hamkorlikka qiziqish bildirilayotgani, bu aloqalar o`zaro ishonch va manfaatlarga asoslanayotgani, hamkorlik jarayoni davomli tarzda amalga oshishini bildirgan edi.

AQSh elchisi O`zbekistonda o`lim jazosi bekor qilinishi, sud huquq tizimidagi islohotlarga bag`ishlangan xalqaro konferensiyalarda ham ishtirok etgan, bu islohotlarning inson huquqlarini ta`minlashdagi o`rnini yuqori baholagan edi.

Sharhlovchilar O`zbekiston prezidentining AQSh elchisi bilan uchrashuvini tulicha izohlamoqda.

Sharhlovchi Kamron Aliyev so’zlariga ko`ra, O`zbekiston hukumati ayni paytda aniq bir siyosiy burilishlar lozimligini tushunmoqda.

“Chunki oddiy mantiqqa qarasak ham, doimiy dushman orttirish yoki doimiy do’stlarga ishonib yurish unchalik aqlli siyosat emas edi. So`nggi paytda, ayniqsa, Andijon fojealaridan keyin O`zbekiston-G`arb aloqalari juda og`irlashdi, bundan O`zbekistonga naf bo`ladi deb hech kim ayta olmaydi”, - deydi Aliyev.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi vakili Po’lat Oxun ta’biricha, geosiyosiy manfaatlarga asoslangan munosabatlar rivojlanayapti, xolos.

“(Richard) Baucher kelgandan keyin elchining qabul qilinishi aniq masalalar muhokamasiga qaratilgan deb hisoblayman. AQSh elchisi bilan uchrashuvda inson huquqlari masalasi ko`tarilmasligi mumkin emas. Har holda u demokratik qadriyatlar davlati vakili. Biroq gap bu masala uchrashuvda qay darajada muhokama qilinganida. Keyingi paytda inson huquqlari masalasi AQSh tomonidan ham, Yevropa Ittifoqi tomonidan ham unchalik e`tiborga olinmayapti”, - deydi Po`lat Oxun.

AQSh va O`zbekiston aloqalari Andijon fojealaridan keyin keskin sovuqlashdi, Afg`onistondagi harbiy amaliyotlarda foydalanilgan AQSh harbiy bazasi O`zbekistondan chiqarib yuborildi.

O`zbekistonda AQShga qarshi qattiq qoralash kampaniyasi ham kuzatildi. Ammo yaqinda deyarli to’xtagan aloqalar qayta jonlana boshlangan.

XS
SM
MD
LG