BMTda O'zbekistondagi huquq ahvoli muhokamada


AQShning BMTdagi missiyasi siyosiy mahbuslar mavzusida davra suhbati o’tkazmoqda.

Unda Belarus, Birma, Suriya, Eritreya, Kuba va o’zbekistonlik huquq faollari va sobiq siyosiy mahbuslar bu davlatlardagi ahvol haqida axborot beradi.

Muxolifatdagi “Serquyosh O’zbekiston” koalitsiyasi rahbari Sanjar Umarovning o’g’li G’ulom Umarovning aytishicha, otasining ahvoli juda yomonlashgan. Sanjar Umarov uch yildan buyon qamoqda saqlanadi.

“O’tgan hafta uni ko’rgani ukam va xolam bordilar. Juda ozib ketgan. Savollarga javob bermaydi. Badanida qiynoq alomatlari bor. Uni qamoqdan chiqarish kerak, aks holda otamni yo’qotib qo’yishimiz mumkin”, - deydi G’ulom Umarov.

Sanjar Umarovning oilasi shu hafta prezident Islom Karimovga ochiq xat yozib unda faolni qamoqdan ozod etishni so’ragan.

“Otamiz qotil yoki terrorchi bo’lmasa, uni qamoqda ushlab turishning nima keragi bor? Uyda uni besh farzandi, jumladan ikki go’dagi kutib o’tiribdi”, - deyiladi xatda.

“U hukumatga hech qanday xavf solmayotgan bo’lsa, nega uni ushlab turishibdi? U ham mayli, qiynoqqa solishning nima keragi bor”, - deb so’raydi Sanjar Umarovning o’g’li.

AQShning BMTdagi missiyasida bo’ladigan tadbirda G’ulom Umarov otasining misolida O’zbekistonda siyosiy mahbuslar taqdiri, qiynoqqa solish amaliyoti haqida so’zlaydi.

G’ulom Umarovning aytishicha, O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq muammolarni hal qilish uchun Qo’shma Shtatlar hukumat bilan muloqot qilib turishi kerak.

Yaqinda O’zbekistonga AQSh Davlat kotibi muovini Richard Baucher tashrif buyurgan. Ayrim kuzatuvchilar nazarida Qo’shma Shtatlar bilan munosabatlarini tiklashga intilayotgan O’zbekiston hukumati Baucher tashrifi davomida Ahmadjon Odilov va Mo’tabar Tojiboyeva kabi mahbuslarni ozodlikka chiqargan.

G’ulom Umarov buning bahonasida otasining ham ozod etilishiga umid qilmoqda. Ammo afsuski, deydi u, bir kishini qamoqdan chiqarib, uning o’rnini ikki kishi bilan to’ldirishmoqda.

AQShning BMTdagi vakolatxonasida bo’ladigan davra suhbati muhim ahamiyat kasb etadi, deydi AQSh Davlat kotibining ijtimoiy masalalar bo’yicha yordamchisi Grover Riz.

“Avvalambor, bu kabi tadbirlar xalqaro jamoatchilik diqqatini inson huquqlariga qaratadi. Qo’shma Shtatlar jahon bo’ylab siyosiy mahbuslarning chiqarilishini talab qiluvchi rezolyutsiya tashabbusi bilan chiqdi. 64 davlat uni imzoladi”, - deydi Jozef Riz.

AQSh rasmiysi nazarida inson huquqlari muammolarini hal qilish maqsadida tashkil etilgan ayrim xalqaro tuzilmalar o’z vazifasini sidqidildan bajarmayapti. BMT Inson huquqlari kengashi shular jumlasidan.

“Inson huquqlarini muntazam ravishda buzadigan davlatlar kengashda til biriktirib, huquq himoyasiga qaratilgan hujjatlarni o’tkazmaydi. Kengashdan o’ziga nisbatan tanqiddan himoya sifatida foydalanadi”, - deydi elchi Riz.
XS
SM
MD
LG