Qozog'iston: 300 tonna yadroviy yonilg'i boshqa joyga ko'chiriladi


AQSh va Qozog’iston hukumatlari Aktau port shahri atrofida joylashgan yadro inshootidan 300 tonna ishlatilgan yadroviy yonilg’ini ko’chirishga taraddud ko’rmoqda.

Agar qayta ishlansa, undan 3 tonna toza plutoniy olish mumkin, deb yozadi Vashington Tayms gazetasi.

Rejaga muvofiq, 300 tonna ishlatilgan yadroviy yonilg’i 5 qismga bo’linib, 60 tonnali konteynerlarda temir yo’l orqali Semipalatinsk poligoniga yetkaziladi.

Qozog’iston o’z vaqtida yadroviy qurol zaxiralari bo’yicha dunyoda to’rtinchi o’rinda turgan. Semipalatinsk poligonida 1949-1991 yillar oralig’ida 450 dan ziyod yadroviy bomba sinalgan.

1999 yilda Qozog’iston va Qo’shma Shtatlar Kaspiy dengizi bo’yidagi Aktau shahrida Sovet Ittifoqidan meros bo’lib qolgan yadroviy ishootni yopishga kelishib olgan edi. Ushbu qaror ortidagi asosiy omil shuki, deydi mutaxassislar va sobiq rasmiylar, Vashington reaktorning geografik jihatdan Eronga yaqinligini tahdid deb biladi.

Ma’lumki, G’arb davlatlari Eronni atom quroli ishlab chiqarishga urinayotganlikda ayblab keladi. Atom dasturini to’xtatishga ko’ndirish harakatlari hozircha natija bermayapti.

Atom bombasi yaratish uchun 5-7 kilogram plutoniy kifoya, deya yozadi Vashington Tayms gazetasi. Shunday ekan, Aktau reaktorida 400 bomba ishlab chiqarish uchun yetarli yonilg’i mavjud.

Qozog’istonning AQShdagi elchisi Erlan Idrissov Eronning maqsadlari borasidagi tashvishlar ehtimol bo’rttirib ko’rsatilmoqda deydi.

“Tehron bir paytlar Aktau shahrida diplomatik idora ochishni rejalagan, lekin nazarimda bu ko’proq savdo-tijoratga taalluqli masala edi”, - deydi elchi Idrissov.

AQSh rasmiylariga ko’ra yadroviy yonilg’ini Qozog’iston shimoli-sharqiga ko’chirish taxminan 30 million dollarga tushadi va uni Qozog’iston hukumati qoplaydi. Qo’shma Shtatlar esa mamlakatdagi yadroviy inshootlarni ta’mirlash uchun mablag’ ajratgan.

XS
SM
MD
LG