AQSh qonunchilari Xitoy hukumatini huquq bobida siquvga olmoqda


AQSh Kongressi Xitoyda inson huquqlarini e’zozlash, zolim davlatlar bilan aloqani tugatish va matbuot erkinligini ta’minlashni talab qilmoqda.

Yozgi Olimpiya o’yinlari arafasida AQSh Vakillar Palatasi shu mazmundagi rezolyutsiyani ko’rib chiqmoqda. Xitoy hukumatini siquvga olmoq zarur, deydi qonunchilar.

Rezolyutsiyaga muvofiq, Xitoy fuqarolarga nisbatan bosimni tugatishi, xususan, uyg’ur xalqiga bo’lgan zug’umni bas qilishi lozim.

Bundan tashqari, Xitoy Birma va Sudan kabi davlatlar hukumatini yoqlayotgani uchun ham tanqid qilinmoqda.

Kapitoliydagi muxbirimiz Den Robinson xabariga ko’ra, hujjatni kelasi hafta Kongress yuqori palatasi ham tasdiqlashi kutilmoqda. Biroq bu loyiha tavsiya, maslahat o’rnida ko’rilib, majburiy kuchga ega emas.

Prezident Bush Xitoyda Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimida qatnashishga ahd qilgan. Bu qaror qonunchilarni xavotirga solmoqda.

Demokrat qonunchi Donald Peyn nazarida bu noyob imkoniyat edi. Marosimda qatnashmaslik orqali Xitoy hukumatini ogohlantirish mumkin edi deydi qonunchi.

Rezolyutsiya talabiga ko’ra, prezident Bush Pekinga safari oldidan Xitoyga doir siyosiy bayonot bilan chiqishi va Xitoydagi siyosiy mahbuslar bilan uchrashishi lozim.

Xitoy hukumati esa mahalliy va chet el muxbirlarini hibsga olish, tahqirlash va ta’qib qilishni bas qilsin. Axborot olish va tarqatish erkinligini ta’minlasin. Tibet, Shinjon kabi hududlarda erkin harakat qilishga imkoniyat berilsin, deyiladi AQSh qonunchilari taklif qilgan rezolyutsiyada.

XS
SM
MD
LG