Eronda olti mingga yaqin sentrifuga ishga tushirilgan


Eron yadro dasturi borasida Yevropa Ittifoqi va BMT Xavfsizlik Kengashi qilgan taklifga rasmiy Tehron javobi kutilmoqda. Qo’shma Shtatlar ta’biricha, vaqt oz qolyapti. Qo’shimcha sanksiyalarga uchramaslik uchun Eron ikki hafta ichida javobini berishi kerak.

Eronga yangi takliflar iyunda taqdim etilgan. 19 iyul kuni esa Jenevada Eron, Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi, Germaniya va Yevropa Ittifoqi rasmiylari ularni muhokama qilgan.

AQShning Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlikdagi rasmiy vakili Greg Shultning aytishicha, Jenevadagi uchrashuv muhokamadan Eron tarixi va madaniyati haqidagi ma’ruzaga aylanib ketgan.

Biz u yerga saboq olish uchun borganimiz yo’q. Eron taklif bo’yicha jiddiy muzokara qilarmikan deb borgan edik, deydi Shult.

Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Eronga qiziqarli takliflar kiritgan.

Eron atom elektrstansiyalari uchun zamonaviy texnologiya va’da qilingan. Eron xavfsizligi va narkotiklarga qarshi kurash borasida hamkorlik taklif etilgan, deydi AQSh rasmiysi.

Eronga shuningdek uran boyitish dasturini to’xtatish evaziga AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan qo’yilgan barcha sanksiyalarni bekor qilish ham va’da qilingan. Tomonlar bir-birining ishonchini qozonishi uchun olti haftalik sinov davri ko’zda tutilgan, shundan so’ng kengroq muzokaralarga o’tiladi, deydi elchi Greg Shult.

Eronga o’ylash uchun ikki hafta vaqt berildi. Javob bo’lmasa, sanksiyalar kuchaytiriladi. Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod yadro dasturi to’xtatilmaydi, ammo Eron muzokaralarga tayyor deb keladi.

Unga ko’ra uranni boyitish uchun ayni damda mamlakatda olti mingga yaqin sentrifuga bor. Ayrimlar nazarida rasmiy Tehron vaqtdan yutishga intilib, AQShda prezident o’zgargach siyosat ham o’zgaradi deya umid qilmoqda.

Greg Shult nazarida Eron qancha ko’p kutsa, shuncha ko’p jazolanadi. Oq Uyga kim kelishidan qat’iy nazar Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga pisand qilmagan davlatga munosabat yaxshi bo’lmaydi.

XS
SM
MD
LG