Breaking News

Kongress Bushga impichment e'lon qilish ustida o'ylanmoqda


Kongressda ko’pchilikni tashkil etgan demokratlar Bush iste’foga chiqarilishiga ishonmasada, prezident vakolatlarini cheklashi mumkin.

Tanqidchilar nazarida prezident Jorj Bush va vitse-prezident Dik Cheyni qator huquqiy va konstitutsion xatoliklarga yo’l qo’ygani uchun impichment qilinishi, ya’ni iste’foga chiqarilishi kerak.

Impichment sabablariga Bush ma’muriyatining Iroqda urushni boshlagani, AQSh aholisini nazorat qilishga qaratilgan qonunni Kongressdan o’tkazgani, terrorizmda ayblanganlarga nisbatan qiynoqlar qo’llanishiga ruxsat berishi va Kongress izoh talab qilib, prezident Bush va uning ma'muriyatiga yo'llagan chaqiriq qog’ozlarini javobsiz qoldirgani ko’rsatilmoqda.

Kongressmen Denis Kusinich impichment bo’yicha hujjatni Vakillar Palatasiga taqdim etgan.

Kusinichning kechagi tinglovda aytishicha, Kongress mas’uliyatsizlik va adolatsizlikka chidab turmasligi kerak.

Demokrat qonunchilar safdoshlari hisoblanmish palata spikeri Nensi Pelosidan prezidentga qarshi impichment jarayonini qabul qilmayotganidan norozi.

Denis Kusinich bu boradagi rezolyutsiyani ikki marta taqdim etishga uringan, ammo har ikkisida loyiha Qonuchilik qo’mitasidan nariga o’tmagan.

Respublikachilar raqiblarini siyosiy o’yinlarda ayblamoqda.

Qonunchi Lamar Smitga ko’ra, impichment uchun qo’yilgan ayblovlar asossiz. Demokratlar loyiha o’tmasligini juda yaxshi biladi, deydi u.

Mutaxassislar fikricha prezident majburiy ravishda iste’foga chiqarilishi uchun shaxsiy manfaatlarini davlat manfaatlaridan ustun qo’ygan bo’lishi kerak. Bush bunday qilmagan, deydi huquqshunos Stiven Presser.

XS
SM
MD
LG