Breaking News

Yaponiya Markaziy Osiyoda Xitoy bilan bellashmoqda


O`zbekiston Yaponiya bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Yaponiya moliya vaziri Fukishiro Nukaganing yaqinda Toshkentga qilgan safari ham ikki davlat o`rtasidagi hamkorlik ko`lamini kengaytirishga qaratilgan.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, ilg`or demokratik davlatlar safida bo`lgan Yaponiya O`zbekiston bilan aloqani ortiqcha bayonotlarsiz, bir maromda olib bormoqda.

Yaponiya O`zbekiston bilan hamkorlikni boshlagandan buyon mamlakat iqtisodiyotiga taxminan ikki millard dollar investitsiya kiritgan.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, bu mablag’ O`zbekistonga kiritilayotgan boshqa sarmoyalar bilan qiyoslaganda ancha ko`p. Yaponiya investitsiyasi energetika zaxiralari, to`qimachilik va ta’lim sohalariga to`g`ri keladi.

Shuningdek, Yaponiya O’zbekistonga turli darajada beg`araz yordam ham ko`rsatib keladi. Afg’onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, qashshsoqlikka qarshi kurash, bozor tizimini shakllantirish kabi tadbirlar uchun ko`rsatilgan beg’araz yordam shular jumlasidan.

Sharhlovchilar Yaponiya O`zbekiston hukumatini siyosiy jihatdan ham qo`llab-quvvatlab kelganini ta`kidlaydi. O`zbekiston hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan izolyatsiya qilingach, Yaponiya bosh vazirining O`zbekistonga tashrifi ana shunday baholangan edi.

Dunyo iqtisodiyoti yetakchilaridan biri hisoblangan Yaponiyaning O`zbekistondagi manfaatlari yuzasidan turli mulohazalar bor.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov nazarida Yaponiya global siyosatda faol ishtirok etish orqali o’z xavfsizligini ta’minlaydi. Rivojlangan va energetika importiga bog’lanib qolgan Yaponiya Markaziy Osiyo zaxiralarini ko’z ostiga olmoqda.

“Albatta, Yaponiya ham AQSh va Yevropa kabi energetika yo`nalishlarini diversifikatsiya qilishdan manfaatdor, doimo bir mintaqaga bog’lanib qolmasligi uchun”, - deydi Tolipov.

Muxolifatdagi sharhlovchilardan biri Po`lat Oxunning aytishicha, Yaponiya mintaqa energetikasidan manfaatdor deyish qiyin. Global miqyosda umuminsoniy qadriyatlarni ilgari sursa-da, O`zbekiston bilan munosabatlarda bu ko`zga tashlanmaydi deydi u.

Farxod Tolipov so’zlariga ko`ra, Yaponiyada Markaziy Osiyoda barqarorlik, bu mintaqa bilan hamkorlik strategik maqsadlardan biri. Yaponiya diplomatiyasi uchun O`zbekistonda inson huquqlari masalasi befarq deyish xato bo’lar edi.

“Albatta bu borada AQShchalik harakat qilmasa ham demokratiya qanchalik muhimligini ko`rsatib turibdi, faqat siyosati sal yumshoqroq. Sobiq bosh vazirning tashrifini eslasak, O`zbekiston-AQSh aloqalari mutlaqo yomonlashgan bir payt edi. (Junichiro) Koidzumi shunda ikki narsani ta`kidladi. Birinchidan, O`zbekiston-AQSh aloqlarini tiklashga Yaponiya yordam berishi mumkin, ikkinchidan, O`zbekistonda tinchlik hukm surishi uchun demokratiya muhim. Yaponiya yuksak rivojlangan sharqiy demokratik davlat sifatida demokratiyaning muhim ekanini hamisha ta`kidlab kelgan”, - deydi Tolipov.

Po`lat Oxunning aytishicha, Yaponiya mintaqada Xitoy bilan bellashib keladi.

“Xitoy bilan raqobatchilik yuzasidan mintaqada joylashib, ta`sirini oshirishga harakat qilayotgan bo`lsa kerak. Mintaqa davlatlariga ta’sir ko`rsatib, Yaponiya manfaatlarini ilgani surish asosiy maqsad”, - deydi Po`lat Oxun.

O`zbekiston va Yaponiya o`rtasida strategik sheriklik haqidagi bitim imzolangan, Yaponiya moliya vazirining O`zbekistonga tashrifidan so`ng sarmoya hajmi oshishi taxmin qilinmoqda.

O`zbekiston uran moddasini Yaponiga sotish bo`yicha ham shartnoma imzolagan, hozirda uran qazib chiqarishga ixtisoslashgan qo`shma korxona bunyod etish ustida muzokaralar bormoqda.

XS
SM
MD
LG