AQSh prezidentligiga nomzodlar yana urush mavzusida tortishmoqda


AQSh prezidentligiga respublikachi nomzod Jon Makkeyn raqibi Barak Obamani Iroqdagi ahvolni tushunmayotganlikda tanqid qilmoqda. Demokratlar nomzodi, deydi Makkeyn, Iroqda taslimchilik siyosatini olg’a suryapti.

Senator Barak Obama Iroqdan amerikalik askarlarni olib chiqish, Afg’onistonga esa, aksincha, qo’shimcha askar safarbar etish zarur deb keladi.

AQSh qo’shinini Iroqdan 16 oy ichida, ya’ni 2010 yilning yozigacha olib chiqish rejasi Bag’dod rasmiylariga ham ma’qul.

Prezidentlikka respublikachi nomzod Jon Makkeynning ta’kidlashicha, o’tgan yili Iroqqa qo’shimcha 30 ming askar jo’natilgani samara berib, bu mamlakatga nisbatan tinchlik olib keldi.

“Obama boshidan bu strategiyaga qarshi chiqqan edi. Uni Iroqdagi ahvol emas, prezident lavozimini egallash ko’proq qiziqtiradi. Men quvvatlagan strategiya sabab Iroqda zo’ravonliklar kamaymoqda”, - deydi Jon Makkeyn.

Iroqdagi urushga barham berishga chaqirayotgan Barak Obama uchun AQShning cheklangan harbiy va moliyaviy resurslarini qanday taqsimlash masalasi muhimroq.

“Prezident va oliy qo’mondonning vazifasi asossiz urush boshlash emas. Urush doimo eng so’nggi chora. Bush ma’muriyati Afg’onistonda ishni tugatmay, Iroqni bosib oldi”, - deydi Obama.

Uning aytishicha, diqqatni Afg’onistonda kuchayib borayotgan Tolibonga qaratish kerak.

Ommaviy so’rovlarga ko’ra, prezidentlikka har ikki da’vogar deyarli teng imkoniyatga ega. Avvalo AQShdagi iqtisodiy muammolarga yechim topish lozim, deydi ko’pchilik.

XS
SM
MD
LG