Germaniya Moskva-Tbilisini yarashtirish harakatida


G’arb mamlakatlari Moskva-Tbilisi munosabatlari tobora chigallashib, xatarli tus ola boshlaganidan tashvishda.

Rossiyaning ta’kidlashicha, agar Gruziya undan ajralib chiqishga urinayotgan Abxaziya va Janubiy Osetiyaga qarshi kuch ishlatsa, Kreml chora ko’rishga majbur bo’ladi.

Qo’shma Shtatlar barcha tomonlarni bir davraga yig’ilib, hech qanday shartlarsiz gaplashib olishga da’vat etyapti. Tinchlik muzokaralariga Germaniya mezbonlik qilmoqchi.

Abxaziya va Janubiy Osetiya 1990-yillarda o’zini Gruziyadan mustaqil deb e’lon qilgan edi. Ammo xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.

“Bugungi kunda ziddiyat shundan iboratki”, deydi tahlilchi Jeyson Layl, “ikki mojaroli hudud Tbilisidan mustaqil ekanini namoyish etmoqchi va tan olinishni istaydi. Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili esa mamlakat hududiy yaxlitligini ta’minlashga va’da bergan”.

Bundan tashqari, u Abxaziyaga kengroq muxtoriyat berishi hamda hudud vakilining Gruziya markaziy hukumatida vitse-prezident etib tayinlanishini ta’kidlagan edi.

Lekin Chikago Universiteti olimi Ronald Sani deydi-ki, ikki bo’lginchi hudud Rossiya bilan yaqin aloqada.

“Janubiy Osetiya aholisining 95 foizi Rossiya pasportiga ega. Abxaziyada ham ko’pchilik Rossiya fuqarolari. Hatto vizasiz tartib yo’lga qo’yilgan. Mintaqada ko’pdan buyon tinchlikparvar kuch sifatida Rossiya harbiylari faoliyat yuritib keladi. Gruziya ularni bo’lginchi guruhlarni quvvatlayotganlikda ayblagan”, - deydi Ronald Sani.

Aprel oyida Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan siyosiy va tijoriy hamkorlikni kuchaytirishini e’lon qilgach, ziddiyatlar yanada avj oldi.

“Munosabatlarni sovuqlashtirgan bir voqea - Abxaziyada Gruziya razvedkachi samolyotining urib tushirilgani bo’ldi”, - deydi olim Robert Legvold. Gruziya voqeada Rossiya harbiylarini ayblagan. Xalqaro tergov guruhi ham bunda Rossiyaning qo’li bor degan xulosaga kelyapti.

9 iyulda - Tbilisiga AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays tashrif buyurgan bir paytda - Rossiya harbiy havo kuchlari Abxaziya hududida parvoz qilganini ilk bor tan oldi.

Siyosatdon Ronald Sani fikricha, bu bilan Rossiya Gruziyaning NATO tashkilotiga qo’shilishi hamda shimoliy alyansning sharq tomon kengayishiga tamoman qarshi ekanini ko’rsatmoqchi. Qo’shma Shtatlar, askincha, Gruziyaning NATOga a’zolik istagini qo’llab-quvvatlaydi va bir kun kelib bu amalga oshadi degan fikrda.

Londonlik mutaxassis Jeyms Sherr Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov so’zlarini eslatadi, ya’ni Gruziyaning NATOga kirishi Abxaziya va Janubiy Osetiyaga tinchlik olib kelmaydi. Aksincha, zo’ravonliklarning yangi to’lqiniga sabab bo’lishi mumkin.

Ayni paytda Gruziya-AQSh harbiylari Tbilisi yaqinida harbiy mashg’ulotlar olib bormoqda. Rossiya bunga javoban Kavkaz shimolida o’z harbiy mashqlarini boshlab yuborgan.

Mutaxasisslar fikricha o’rtadagi ziddiyatlarni hal etishning yagona yo’li – diplomatiya. Aks holda, to’rt harbiyning hibsga olinishidan boshlangan kelishmovchilik qurolli mojaroga aylanishi hech gap emas.

XS
SM
MD
LG