AQShda fuqarolik diplomatiyasi keng targ'ib qilinmoqda


Yaqinda bir guruh amerikaliklar Yaqin Sharq safaridan qaytib, u yerda orttirgan tajribalari va ko’rgan-kechirganlariga asoslanib AQShning mintaqadagi obro’sini tiklash borasida tavsiyalar berdi.

AQShda "Fuqarolik diplomatiyasi" degan tushuncha har bir shaxsning mamlakat tashqi aloqalarini shakllanishidagi yordami, ma’suliyati va huquqini anglatadi.

Yaqinda Yaqin Sharqqa faxriy diplomat hamrohligida borib qaytgan amerikalik 9 tadbirkor fuqarolik diplomatiyasini amaliyotdan sinab ko’rdi.

Elchi Richard Vietsga ko’ra, siyosatning shakllanishida qancha ko’p fuqaro jalb qilinsa, mamlakat shunchalik ravnaq topadi.

“Sayohat qilish, xorijdan mehmon taklif qilish, ular bilan tanishish, suhbatlashish kerak. Amerikaliklar xorijda nima bo’layotganidan bexabar, shuning uchun iloji boricha ko’proq odamlarni bunga jalb qilish kerak”, - deydi keksa diplomat.

Elchi Vietsga ko’ra, shunda demokratiya tushunchasi ham mustahkamlanadi.

“Bu kabi maqsadlarga erishish uchun maqolalar yozish kerak. Mamlakat bo’ylab odamlar bilan uchrashib muloqot qilish, qonunchi va davlat arboblarimiz maslahatini olish lozim”, - deydi Viets.

Boshida kichik qadam tashlash kerak, deydi AQShning yana bir sobiq diplomati Benjamin Tua.

Shundagina fuqarolik diplomatiyasi bilan shug’ullanuvchi faollarimiz jamoatchilik va siyosatchilarimizga Yaqin Sharqdagi vaziyat bo’yicha bilim berishga asta-sekin muvaffaq bo’ladi.

“Mintaqaga safar qilgan guruh tarkibida turli soha vakillaridan iborat 9 kishi bo’lgan. Ular orasida sobiq harbiylardan tortib, oddiy xizmatchilargacha bor. Ular taassurotlari haqida do’stlari, jamoasi va cherkovlari bilan o’rtoqlashadi”, - deydi nafaqadagi diplomat.

AQSh tashqi siyosatiga, deydi Tua, yangilik kiritish zarur. Arab va Isroil rahbarlari bilan muloqot qilgan guruh saylovlardan so’ng Oq Uyga keladigan yangi ma’muriyatga Yaqin Sharq bo’yicha uch bosqichli siyosat tavsiya etadi.

“Birinchisi, bu – muloqot. Undan chekinmaslik kerak. Muloqot izchil bo’lishi zarur va uni saylovlarda keyin darhol boshlash lozim. Ikkinchidan, odil vositachi rolimizga qaytishimiz kerak. Muloqotdagi har bir tomon ishonchini qozonish juda muhim. Va nihoyat, kuchli davlat rahbari bo’lishi kerak”, - deydi Benjamin Tua.

Prezident o’z so’zini Kongressga o’tkaza olsa, Isroilni qo’llab-quvvatlovchi lobbichi guruhlar bosimiga dosh bera olsa, u odil siyosat yurita oladi, deydi faxriy diplomat.

XS
SM
MD
LG