AQSh qonunchilari Xitoydagi huquqiy vaziyatdan norozi


AQSh qonunchilari, huquqiy va diniy tashkilotlar hamda Xitoy faollari yozgi Olimpiya o’yinlari arafasida Xitoy hukumatini tanqid qilmoqda.

Kongress tomonidan ma’qullangan rezolyutsiyaga ko’ra, rasmiy Pekin Tibet va uyg’ur xalqlarini tahqirlab, Birma va Sudan kabi hukumati noqobil davlatlarni qo’llab-quvvatlamoqda.

AQShning Din va e’tiqod bo’yicha xalqaro komissiyasi chiqargan hisobotga ko’ra, Xitoy hukumati inson huquqlarini poymol qilib, diniy erkinlikni bo’g’ib kelmoqda.

Yozgi Olimpiya o’yinlariga taraddud ko’rayotgan rasmiy Pekin tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash uchun zo’ravonlik siyosatini tanlagan deyiladi unda.

Komissiya rahbari Felisiya Gaer fikricha, prezident Bush Pekinga safari chog’ida huquqiy muammoga to’xtalishi, Xitoy hukumatini din va e’tiqod erkinligini hurmat qilishga chaqirishi shart.

AQSh Kongressi Xitoyda internet va muxbirlar faoliyatiga qo’yilgan cheklovdan xavotirda.

Xitoylik faol Garri Vuning aytishicha, mamlakatda Internet politsiyasi departamenti ish boshlagan. Taxminan 200-300 ming politsiyachi global tarmoqni nazorat qiladi. Internet-kafeda o’tirgan har bir shaxs ketidan kuzatishadi deydi u.

Joriy hafta Xitoy inson huquqlari faollari prezident Bush bilan uchrashgan. Ular orasida uyg’urlar yetakchisi Robiya Qodir ham bo’lgan.

“Xitoy qamoqxonalarida 10 mingga yaqin uyg’ur saqlanmoqda. Ular Olimpiya o’yinlari arafasida terrorga qarshi kurash bahonasida qo’lga olingan. Umid qilamanki, prezident Bush Xitoyga safari chog’ida ana shu insonlarni ozod qilishga chaqiradi.”

Uyg’ur inson huquqlari himoyachisi, 2005-2006 yillarda tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzodi ko’rsatilgan Robiya Qodirning ikki o’g’li ham Xitoyda qamoq jazosini o’tamoqda. Qodir xonim Xitoy Kommunistik Partiyasidan ularni ozod qilishni va prezident Bushdan jonzodlik ko’rsatishni so’ramoqda.

XS
SM
MD
LG