Geyts: "Afg'onistonda qo'shinlar soni oshirilmaydi"


Afg'onistonga yordam berishni muvofiqlashtiruvchi va 100 ga yaqin tashkilotni o'z ichiga olgan guruhning aytishicha, mamlakatda zo'ravonlik darajasi 2001 yildan beri eng yuqori nuqtaga yetgan. Shu yilning o'zida xurujlardan ikki yarim ming kishi, jumladan mingga yaqin oddiy fuqaro o'lgan.

Ammo AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborish rejasi yo'qligini aytmoqda. Uning aytishicha, Afg'onistonga ko'proq qo'shin yuborish borasida biror qarorga kelinmagan.

"Qo'mondonlardan bu borada hali tavsiya olganim yo'q. Askarlarni qayerdan olish masalasini muhokama qilyapmiz," deydi Geyts.

Shunga qaramay, deydi AQSh mudofaa vaziri, bir necha haftada Afg'onistonga kichik sonli harbiylar yuboriladi. Ular asosan bombalarni zararsizlantirish, taraqqiyot va davlat boshqaruvi loyihalariga ko'mak beradi.

"Gap ikki yuzga yaqin harbiy haqida ketmoqda. Bu ko'p emas," deydi Geyts.

"Kattaroq kuch safarbar qilish uchun Iroqdagi vaziyat tahlil qilinishi va u yerdagi harbiylar soni bo'yicha kelishib olish kerak."

Yaqinda Afg'onistonda bo'lib qaytgan AQSh prezidentligiga nomzod Barak Obama qo'shinlarni Iroqdan chiqarib Afg'onistonga yuborish lozim, degan edi.

Iyul oyida AQSh qo'shinlari ilk bor Iroqdan ko'ra Afg'onistonda ko'p talafot ko'rgan.

XS
SM
MD
LG