Imtihon natijasidan shubha qilsangiz, apellyatsiyaga yo'llang


O’zbеkistonda universitetlarga qabul imtihonlari ortda qoldi. Rejaga ko’ra, bu yil bakalavriatga 58 000 nafar, magistraturaga besh yarim ming nafar talaba qabul qilinadi.

O’zbekiston Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lumotiga ko’ra, Nizomiy nomidagi Toshkеnt Davlat Pеdagogika univеrsitеti, Qarshi, Termiz, Farg’ona va Samarqand davlat univеrsitеtlariga eng ko’p ariza topshirilgan.

Abituriyentlar bir oz yengil tortgan, ba’zilar esa dam olishga jo’nab ketgan. Imtihon natijalari 2-3 haftada e’lon qilinadi, ungacha esa kutish kerak.

O’zbekistondagi yirik universitetlarning birida ijodiy imtihonni qabul qilishda qatnashgan, ammo ismini oshkor etishni istamagan muallimaning aytishicha, imtihonda hamma narsa tartib-qoida bilan o’tadi. Hammasi abituriyent tarqalib ketgandan keyin boshlanadi deydi u.

“Masalan, 20 ta daftar olib kirishadi, yaxshi yozilganmi, yo’qmi, farqi yo’q, mana shularga “5” baho qo’yishimiz kerak. Chunki, fakultetda nechta joy bo’lsa, hammasi sotib olingan edi, menimcha. Qolgan, deylik, 300 ta daftarga “3” baho qo’yishga majburmiz, saviyasidan qat’iy nazar.”

Mana shu test va ijodiy imtihon bahosidan qoniqish hosil qilmagan abituriyent nima qilishi mumkin?

O’zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida test o’tkazish tartibi to’g’risidagi Nizomga ko’ra, test javoblari e’lon qilingan kundan boshlab bir oy davomida abituriyent Komissiyaga yozma ravishda murojaat qilishi mumkin.

Uning arizasi ro’yxatga olingan kundan boshlab 10 kun ichida, abituriyent va ota-onasidan birining ishtirokida ko’rib chiqilishi lozim.

“Apellyatsiyada, afsuski, ishtirok etib ko’rmaganman, lekin bunday hollar bo’ladi. Maslahatim, bilimli, shu sohani chuqur biladigan ota-ona yoki mutaxassis bilan kelsangiz, apellyatsiyadan o’tasiz. Chunki haqiqatan ham “a’lo” bahoga yozilgan yozma ishlarni “2”-“3” baho qo’yib pasaytirib tashlaganmiz. Shaxsan o’zim shu ishni qilganman.”

Nima uchun domalar shunday ishga qo’l uradi. Bo’lg’usi kadrlarning saviyasi va taqdiri haqida gap ketayapti-ku. Bu bilimli yoshlarni ko’kgaridan itarish, boshqa yurtga bosh olib ketishiga turtki berish emasmi? Bu yolg’on siyosat keyinchalik O’zbekiston kelajagini barbod qilishini nahotki qabul komissiyasidagilar tushunmasa? Domla “yo’q” deb qat’iy turib olishi mumkin emasmi?

“Chunki iloj yo’q. Hech bir domlaning boshqa ilojisi yo’q. O’zbekistonda ish topish katta muammo. Hech kim ishini yo’qotgisi kelmaydi, rahbariyt bilan muammo tug’ilishini xohlamaydi. Shuning uchun “Qo’y, kel, qilsam qilibman-da” deydi.”

Ba’zilar, bu bir universitetdagi vaziyat, butun mamlakat haqida xulosa qilish yaramaydi, deb e’tiroz bildirishlari mumkin. Ayrim mutaxassislar nazarida O’zbekistonda haqiqatan ham aqlli abituriyent tanlovdan o’tishi mumkin.

O’zining bilimi puxta ekaniga ishongan va haqligini isbotlay olish uchun jur’ati bor yoshlar tanlovdan o’tishi mumkin deydi ular.

Chekka viloyatdan kelib, o’z kuchi bilan imtihon topshirgan abituriyent shunga ishonishni istaydi, albatta.

XS
SM
MD
LG