Eron Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a'zolikni ko'zlamoqda


Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar va kuzatuvchi maqomini olgan mamlakatlar rahbarlari shu oy oxirida Tojikiston poytaxti Dushanbeda yig’iladi.

Tahlilchilar ushbu tashkilotga Eron Islom Respublikasi a’zolik uchun qattiq harakat qilayotganiga e’tibor qaratadi.

Shu yil mart oyida Eron Tashqi ishlar vaziri Manuchehr Mo’takki Dushanbega safari chog’ida ochiq fikr bildirgan edi.

Tojikistonlik tahlilchi jurnalist Tilav Rasulzoda so’zlariga ko’ra, Eronning bu tashkilotga to’laqonli a’zo bo’lishi mintaqa mamlakatlarining manfaatiga mos keladi.

“Chunki, bu yerda mintaqa xavfsizligi haqida gap ketmoqda va Eron Osiyoda qudratli davlatlardan biri hisoblanadi. Eronning ShHTga a’zoligi Osiyodagi kuchlar nisbatini ancha o’zgartirib yuborgan bo’lardi. Uning bu tashkilotga qo’shilishidan Tojikiston ham, Rossiya ham manfaatdordir,”- deydi Tilav Rasulzoda.

Tojikistondagi ba’zi o’zbek tahlilchilarining fikricha, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bilan harbiy mashg’ulotlar o’tkazib borayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining harbiylashib borishi haqiqatan ham dunyodagi muvozanatning buzilishiga olib keladi.

“ShHT chindan ham siyosiy-harbiy tashkilotga aylantirilsa, demak, yana Markaziy Osiyo katta bir xavf ostida qolishi mumkin va bu dunyoda hozirgi muvozanatning buzilishiga olib keladi,” - deydi o’zbek tahlilchilaridan biri.

Tojikistonlik jurnalist Shohista Ashurzoda fikiricha, Eron Shanxay Hamkorlik Tashkilotidan hozircha siyosiy qalqon sifatida foydalanishni ko’zlaydi.

“Fikrimcha, Eron Amerika tahdididan cho’chimoqda va o’ziga ko’mak beruvchini izlamoqda. Bunday panohni esa ShXTda ko’rishi mumkin. Albatta, har qanday tashkilot o’z a’zolarini himoya qilishi mantiqan durust. Ammo ShHTning faoliyatida hali bunday mazmunni ko’rmaymiz, to’g’rirog’I, hali u bunga qodir emas,”- deydi Shohista Ashurzoda.

Tilav Rasulzodaning aytishicha, Eronning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zoligidan Tojikistonning strategik manfaatlari bor. Uning fikricha, Rossiya va Xitoy oz manfaatlari yo’lida Tojikiston singari mayda davlatlarni pisand qilmasligi mumkin.

“ShHTda asosiy vazifani yirik davlatlar bajarishi munkin. Bunday sharoitda Tojikiston mustaqil a’zo sifatida o’z manfaatlarini o’tkaza olmay qolishi mumkin. Biz bu holatni sobiq sho’rolar davrida ko’rganmiz. Tojikiston ShHTda Eronni o’ziga yaqin kuchli ittifoqchi davlat sifatida ko’rishni istaydi,”- deydi Tilav Rasulzoda.

Uning fikricha, Eronning bu tashkilotga qo’shilishga O’zbekiston to’sqinlik qilishi mumkin.

Bunga sabab qilib tojik tahlilchisi O’zbekiston va Tojikiston munosabatlaridagi sovuqlikni ko’rsatadi.

Qo’shnisi bilan munosabatlarni yaxshilashni istamayotgan O’zbekiston ShHTda Tojikistonga ittifoqdosh qudratli davlatni ko’rishni xohlamaydi deydi u.

Moskvalik taniqli tahlilchi Aleksandr Sobyanin ShHTni ba’zilar singari G’arbga muxollif tashkilot sifatida baholamaydi.

“Bu borada ShHTning eng yirik a’zosi bo’lgan Xitoy va Rossiyaning, Qozog’iston va boshqa a’zolarning ham rasmiy munosabati mavjud. Bu tashkilot NATOga ham, AQSh yoki Yevropa Ittifoqi doirasidagi biror bir xalqaro tashkilotga ham muxolif sifatida ko’rilmaydi,” - deydi Aleksandr Sobyanin.

XS
SM
MD
LG