Huquq faoli va jurnalist ustidan tergov ishlari davom etmoqda


Muxolifatdagi "Erk" partiyasi a'zosi, "Mazlum" inson huquqlari tashkiloti rahbari A'zam Turg'unov ustidan tergov yakunlangan.

Nukusda qamoqda saqlanayotgan yana bir huquq himoyachisi va mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonovga esa giyohvand moddalar iste'moli emas, ularni sotish aybi qo'yilmoqda.

A'zam Turg'unov Nukusda qamoqqa olingan edi. Uning advokati Rustam Rahimovga ko'ra Turg'unovni hibsga olish shantaj hamda ishni uyushtirish orqali amalga oshirilgan.

"A'zam aka o'sha kuni ushlash vaqti - 11 iyul kuni - men sendan pul so'ramaganman, nega olib kelding, olib ket deb chiqarib yuborgan ekan. Bu juda muhim, 20 millionlik tovlamachilikda ayblashga asos bo'lishi uchun paketni ichiga "Neksiya" mashinasini texpasportini ham solib qo'yishgan. Hammasi qalbakilashtirilgan va shantaj bo'lib turgan narsa", - deydi advokat.

Rustam Rahimovning bildirishicha hibsxonada A'zam Turg'unovga nisbatan qiynoq qo'llanilgani haqida prokuraturaga ariza berilgan.

"Meni ishtirokimda tergovchi A'zam Turg'unovdan surishtirdi. U aytdi yozib o'tirgan mahalim birdaniga hammayog'im kuyganini his qildim va baqirib yubordim. Orqamda tergovchidan boshqa hech kim yo'q edi deb. Shu asosda Bosh prokuraturaga ariza berganmiz, lekin hozircha javob yo'q", - deydi Rahimov.

A'zam Turg'unov muxolifatdagi "Erk" partiyasi markaziy kengashi a'zosi. Partiya faollaridan biri Dilorom Isoqovaga ko'ra Turg'unov mamlakatdagi eng faol huquq himoyachilaridan biri edi, uning hibsga olinishi shu faollik bilan bog'liq.

Nukusda yana bir huquq himoyachisi va mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov ham hibsda saqlanmoqda. U bundan ikki oy muqaddam giyohvand moddalarni saqlashda ayblanib, hibsga olingan edi.

Dastlab Abdurahmonov giyohvand moddalarini iste'mol qilishda ayblangan bo'lsa, uning avdvokati Bahrom Abdurahmonovga ko'ra hozirda jurnalist giyohvand moddalarni sotish aybi bilan tergov qilinmoqda.

"Solijon akangni giyohvand moddasini iste'mol qilishga aloqasi yo'q, deyishdi. 5,99 gram opium katta miqdor hisoblanadi, shundan kelib chiqqan holda ko'p miqdorda giyohvand moddasini sotish [aybi] qo'yilmoqda. Jurnalistik materiallari hali tolig'icha o'rganib bo'linmagan, lekin olib ketilgan. Hozir bularning asosiy maqsadi tergovga berilgan muddat tugamasdan, narkotik moddasi bilan bog'liq ayblovni hal qilish", - deydi advokat.

Uning aytishicha Abdurahmonovning mashinasida giyohvand moddalar qanday paydo bo'lganini aniqlashtirish yuzasidan tekshiruv o'tkazish talabi inobatsiz qolgan.

"Ekspertiza orqali avtomabilni kirish-chiqish joylaridagi izlarni tekshirish, buni solishtirish masalasini qo'ygan edik. Biroq bu tergovga yoqmadi shekilli, avtomabil ko'chada turibdi. Hozirgacha bor barmoq izlari ham yo'qolib ketgandir. Bu ish uyushtirilgan degan gumon bor. Agar uyushtirilmagan taqdirda barcha talablar inobatga olingan va aniqlashtirish uchun harakat bo'lardi", - deydi Bahrom Abdurahmonov.

Sharhlovchilar nazarida jurnalistning qamoqqa olinishi uning kasbiy faoliyati bilan bog'liq. Abdurahmonov hibsga olingach uning ishxonasidan barcha jurnalistik materiallari musodara qilingan edi. Abdurahmonov Qoraqalpog'istonda faoliyat yuritayotgan so'nggi mustaqil jurnalistlardan biri hisoblanadi.

Hozirgacha bir necha xalqaro tashkilot Solijon Abdurahmonovni ozod etishni talab qilib, bayonot tarqatgan. Yaqinda shu ma'nodagi chaqiriq Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ham bildirilgan.
XS
SM
MD
LG