Rossiya-Gruziya orasidagi mojaro Abxaziyaga tarqalmoqda


Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili Janubiy Osetiyada ikkinchi kun davom etayotgan urush harakatlarini darhol to'xtatib, Rossiya bilan sulh tuzishga chaqirmoqda.

Rossiya samolyotlari Gruziyaning yana bir bo'lginchi hududi Abxaziyani ham bombardimon qilgan. Kreml 1990-yillardan beri Gruziyadan ajralishga urinib kelayotgan har ikki hududni qo'llab-quvvatlaydi.

Guvohlarning so'zlariga qaraganda, Janubiy Osetiya poytaxti Tsxinvali vayronaga aylangan. Mixail Saakashvili shaharni Gruziya qo'shini nazorat qilayotganini aytgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi a'zolari zo'ravonliklarga qanday chek qo'yish borasida bir qarorga kela olmayapti.

Xavfsizlik Kengashida hammaning istagi bir – xunrezlikni to'xtatish. Biroq buni bayonot shaklida qog'ozga tushirishga kelganda tomonlar kelisha olmayapti.

Ba'zi diplomatlar vaziyat soat sayin o'zgarib borayotganini qayd etadi. Gruziya elchisi Irakli Alasaniya Rossiya samolyotlari hududni tark etgani yo'q va hatto Abxaziyaga o'tgan demoqda.

"Ayni daqiqalarda Gruziya g'arbidagi Poti porti, Senaki havo bazasi hamda Abxaziyaning Kodori hududi bombardimon qilinmoqda", - deydi Gruziya diplomati. Tbilisida esa hukumat idoralari evakuatsiya qilinyapti.

7 avgust kuni Gruziya armiyasi Janubiy Osetiyada bo'lginchi kuchlar nazorat qilib kelayotgan ayrim hududlarni qo'lga kiritishga uringach, harbiy harakatlar avj olgani ma'lum. Rossiya harbiy texnikasini Janubiy Osetiyaga olib kirib, maqsad asosan Rossiya fuqarolaridan iborat aholini himoya qilish ekanini ta'kidlagan.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin Gruziyani Janubiy Osetiyada "etnik qirg'in"da ayblagan. "Janubiy Osetiyada maktab-kasalxonalar, aholi manzillari vayron qilinmoqda, minglab kishi hududni tark etmoqda", - deya tushuntiradi Rossiya diplomati.

Mojaro mintaqa tinchligini buzmoqda deya xavotir bildirayotgan AQSh prezidenti Jorj Bush Rossiyani hujumlarni bas qilishga, Gruziyaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga da'vat etgan.

Bush Olimpiya musobaqalari o'tayotgan Pekinda Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bilan vaziyatni muhokama qilgan.

AQSh, Yevropa Ittifoqi hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Gruziyaga delegatsiya yo'llash arafasida.
XS
SM
MD
LG