Gruziya qo'shini Janubiy Osetiyani tark etdi


Gruziya harbiylarini Janubiy Osetiyadan olib chiqib, Rossiya bilan sulh tuzishni taklif qilmoqda. Hududni Rossiyaning 10 ming harbiysi nazorat qilmoqda.

Gruziyaga chetdan qurol-yarog' kiritmaslik uchun Rossiya Qora Dengizga ham jangovar kemalarini safarbar etgan. Gruziyaning yana bir bo'lginchi hududi - Abxaziya ma'murlari ham zaxiradagi harbiylarni xizmatga chaqirmoqda.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin so'zlariga ko'ra, Gruziya o'z xalqini qirmoqda va shu bois Janubiy Osetiyani boshqarish huquqiga ortiq ega emas. Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili esa Rossiyani "telbalikda" ayblagan.

"Zo'ravonlik hech bir mamlakatning manfaatlatiga to'g'ri kelmaydi. Rossiya Gruziyadagi erkinlikni ko'ra olmayapti", - deydi Saakashvili.

Rossiya harbiylariga ko'ra urush tufayli Janubiy Osetiyani 3 kun ichida 34 ming kishi tark etgan. Prezident Dmitriy Medvedev nazarida AQSh Gruziyani kuch ishlatmaslikka ko'ndirishi lozim.

8 avgust kuni tongda boshlangan mojaro hozirga kelib Abxaziyaga ham tarqalgan. Rossiya havo kuchlari Gruziya harbiy bazalari, Gori shahri hamda neft inshootlari joylashgan Poti portini bombardimon qilgan.

BMT bosh kotibining tinchlikparvarlik dasturlari bo'yicha muovini Edmond Mulet Abxaziyada ham harbiy tayyorgarlik ketayotganidan xavotir bildirmoqda. Mahalliy rasmiylar talabiga bunoan BMT patrullari Abxaziyani tark etgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi masala yuzasidan uch marta majlis o'tkazgan bo'lsa-da, qanday chora ko'rish borasida bir fikrga kela olmagan.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin Janubiy Osetiyada 100 ming aholi bo'lsa, shundan ikki ming nafari halok bo'lgan deydi. Uningcha buni genotsid deb ta'riflash o'rinli.

Qo'shma Shtatlar Rossiya harbiylarini Janubiy Osetiyani tark etishga undamoqda. O'lka aholisi asosan Rossiya fuqarolari ekan, ularni himoya qilamiz, deydi Kreml rasmiylari.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti rahbari Aleksandr Stabb bugun Tbilisiga otlanmoqda. So'ng Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernard Kushner bilan birga, Moskvada muzorakalar olib boradi.
XS
SM
MD
LG