Bush: Qo'shma Shtatlar Rossiyani ogohlantirmoqda


Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili Janubiy Osetiyada xunrezliklarni to'xtatish uchun Qo'shma Shtatlardan yordam so'ramoqda.

AQSh rahbariyati vaziyatdan xavotirda ekanini, Rossiyaning Gruziyaga qarshi xuruji global tinchlikka putur AQSh-Rossiya aloqalarining yomonlashishiga olib kelishi mumkin demoqda.

"Qo'shma Shtatlar va jahon hamjamiyati suveren davlatning bosib olinish harakatlarini to'xtatishi kerak. Jahondagi eng kuchli davlat sifatida AQSh barcha diplomatik choralarni qo'llashi kerak. Gap nafaqat Gruziya, balki inson qadriyatlari haqida ketmoqda",- deydi Saakashvili.

Gruziya rahbari AQSh javobini kutmasdan Rossiyaga sulh taklif qilgan.

"Biz jangovar harakatlarni to'xtatmoqdamiz va sulh bitimi imzolashga tayyormiz. Janubiy Osetiya maqomi bo'yicha murosa qilishga ham tayyormiz",- deydi Saakashvili.

Rossiya Gruziyani Janubiy Osetiyada yashovchi Rossiya fuqarolariga hujum qilganlikda ayblamoqda.

Olimpiya o'yinlarini Pekinning o'zidan kuzatayotgan AQSh prezidenti Jorj Bushning aytishicha, Rossiya o'z harakatlari bilan chegaradan o'tgan. Bush Pekinda Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bilan yuzma-yuz, prezident Dmitriy Medvedev bilan esa telefon orqali muloqot qilgan.

"Men ularni zo'ravonlikka berilmaslikka chaqirdim. Rossiya tomonidan nafaqat Janubiy Osetiyada, balki uning tashqarisida ham ortiqcha kuch ishlatilganini qoraladim",- deydi Bush.

AQSh vitse-prezidenti Dik Cheyni "Rossiyaning bosqinchlik harakatlari javobsiz qolmasligi kerak" degan. AQSh Davlat xavfsizlik maslahatchisi o'rinbosari Jeyms Jeffri esa "Qo'shma Shtatlar Gruziyaga yordam tariqasida harbiy kuch ishlatish ehtimolini ham hisobdan chiqargani yo'q" deb aytgan.

Xabarlarga ko'ra, Janubiy Osetiyadagi harakatlari tinchlikni saqlashga qaratilganini ta'kidlayotgan Rossiya Tbilisini ham havodan o'qqa tutgan.

XS
SM
MD
LG