Breaking News

Gruziya sulhga tayyor, Rossiya orqaga qaytmoqchi emas


Xalqaro hamjamiyat Gruziyadagi mojaroni diplomatik yo'llar bilan hal etish harakatida ekan, BMT Xavfsizlik Kengashi favqulodda majlis o'tkazib vaziyatni muhokama qilmoqda. AQSh va Rossiyaning BMTdagi elchilari mojaroda bir-birini ayblagan.

AQSh elchisi Zalmay Xalilzodning aytishicha, Janubiy Osetiya aholisini va o'z tinchlikparvar kuchlarini himoya qilish uchun hududga 10 ming qo'shin yuborgan Rossiya harbiy harakatlarni Janubiy Osetiya tashqariga kengaytirmoqda.

Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin AQSh ayblovlarini "propaganda" deb atagan. Elchi Xalilzod Davlat kotibasi Kondoliza Rays va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o'rtasidagi telefon muloqotida tashvishga molik suhbat bo'lganini aytadi.

"Lavrov Raysga Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili ketishi kerak degan. Demokratik ravishda saylangan rahbar ketishi kerak degan. Demak, Rossiyaning maqsadi Gruziyada hukumatni o'zgartirish", - deydi Xalilzod.

Elchi Churkin Xalilzodni ikki vazir o'rtasida kechgan diplomatik maxfiy suhbatni jamoatchilikka ayon qilganlikda ayblagan.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning bugun aytishicha, Janubiy Osetiyadagi operatsiya yakunlangan va hudud poytaxti Sxinvali Rossiya nazorati ostiga o'tgan.

Rossiya Tbilisi va Gori kabi gruzin shaharlarini bombardimon qilish bilan birga yana bir bo'lginchi hudud - Abxaziyaga 9 ming qo'shin va 350 ta bronetransportyor yuborishni rejalamoqda.

Vositachi sifatida Tbilisiga borgan Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushner Saakashvili bilan uchrashib, uni sulh haqidagi hujjatga qo'l qo'yishga ko'ndirgan.

Fransiya vaziriga ko'ra, mojaroga barham berishning to'rt bosqichli rejasi taklif qilinmoqda.

"Birinchisi - sulh. Ikkinchisi - jabrdiydalarga yordam. Uchinchisi - har ikki tomon qo'shinlarini chiqarish va to'rtinchisi - Janubiy Osetiya bo'yicha muzokaralarni davom ettitirish",- deydi Kushner.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Bosh vazir Vladimir Putin kabi Gruziya harbiy harakatlarini genotsid deb atamoqda.

Uning aytishicha, bunga tegishli ma'lumot to'planib ish xalqaro harbiy tribunalga oshirilishi kerak.

Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili ta'biricha esa, hozirgi vaziyatda o'z hududida jang qilayotgan Gruziya emas, chetdan kelgan Rossiya bosqinchidir.

Saakashvili bunday vaziyat oldindan rejalashtirilgan deydi.
XS
SM
MD
LG